Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank: 2024 yilda inflyatsiya darajasi 8-9 foiz oralig‘ida shakllanishi kutilmoqda
14:08 / 2023-12-14

Bugun, 14 dekabr kuni Markaziy bank boshqaruvining yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning sekinlashib borishiga qaramasdan ushbu tendensiyaning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Yuqori yalpi talab sharoitida inflyatsiyani 2025 yilda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish vazifasi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etmoqda.  

Inflyatsiya darajasi oktyabr-noyabr oylarida pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi. Ushbu pasayish o‘tgan yilgi yuqori baza ta’siri, import narxlarining oshiruvchi hissasi kamayishi, yuridik shaxslar uchun energiya tariflari oshirilishi ta’sirining hali to‘liq yuzaga chiqmagani hamda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilayotgani bilan izohlanadi.  

Prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda bazaviy prognoz shartlari doirasida inflyatsiya darajasi 8-9 foiz oralig‘ida shakllanishi kutilmoqda. Ayni paytda xalqaro savdodagi mavjud nobozor cheklovlar va fragmentatsiya fonida inflyatsiyani oshiruvchi tashqi xatarlar hamda tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha kutilayotgan navbatdagi tuzatishlar ta’sirlarining keyingi choraklarda namoyon bo‘lish ehtimollari saqlanib qolmoqda.  

Bazaviy inflyatsiya yil boshidan sekinlashish dinamikasini ko‘rsatib, noyabr oyida yillik 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim tovarlar bo‘yicha oshiruvchi bosimlar ta’siri kuzatilmoqda. Inflyatsiyaning barqaror pasayishiga erishish ma’lum bir muddatni talab etadi.  

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada, 13-14 foiz atrofida shakllanishda davom etmoqda.  

Global inflyatsion jarayonlar yaxshilanishining sekin kechayotgani hamda jahon iqtisodiyoti rivojidagi kutilmalarning va xalqaro xomashyo bozorlaridagi narxlarning yuqori o‘zgaruvchanligi kelgusi choraklarda ham tashqi moliyaviy sharoitlar, xususan, tashqi resurslar hisobiga moliyalashtirish shartlarining qat’iyligicha qolishi borasidagi taxminlarni kuchaytirmoqda.  

Iqtisodiy faollik asosan yuqori yalpi iste’mol talabi va xususiy investitsiyalarning o‘sishi hisobiga ta’minlanmoqda. Iste’mol talabini davlat xarajatlari va chakana kreditlash hajmlarining oshishi qo‘llab-quvvatlamoqda. Taklif tomonidan iqtisodiy o‘sishning drayveri, yalpi ichki mahsulot o‘sishining qariyb yarmini ta’minlovchi xizmatlar sohasi bo‘lib qolmoqda. Ish haqi va aholi real daromadlari o‘sishining ijobiy dinamikasi saqlanib qolishi kelgusida iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlaydi.  

Yuqorida keltirilgan omillar inflyatsion jarayonlarning barqaror pasayishini ta’minlash bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.  

Markaziy bank boshqaruvi ushbu sharoitlarda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildi.  

Inflyatsiyaning pasayib borishi holatida asosiy stavkaning o‘zgarishsiz saqlab qolinishi pul bozoridagi real foiz stavkalarining mo‘’tadil saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Bu esa, kreditlash sur’atlarining muvozanatlashuvi sharoitida, jamg‘arish faolligida joriy dinamikaning saqlanib qolishiga xizmat qiladi hamda tashqi moliyalashtirishning qimmatlashuvi fonida ichki moliyaviy manbalardan kengroq foydalanish imkoniyatini oshiradi.  

Milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining yuqori o‘sish sur’atlari davom etishi kutilmoqda.  

Kelgusida uzoq muddatli narxlar barqarorligiga erishish byudjet taqchilligining qisqarishi va iqtisodiyotga bozor tamoyillarini qo‘llash ko‘lamining kengayish sur’atlari bilan bog‘liqligi tobora dolzarb bo‘lib boradi.  

Markaziy bank inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan pul-kredit sharoitlarni yaratish va makroprudensial choralarni kuchaytirishni davom ettiradi hamda kelgusi yangilanayotgan ma’lumotlarni hisobga olib inflyatsiyaning prognozi va kutilmalari asosida asosiy stavka bo‘yicha qarorlarini qabul qiladi.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA