O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari rasmiy veb-saytlarida axborotlarni oshkor etish holatini tekshirish natijasida 18 ta bankka jami 1 milliard 836 million so‘m jarima qo‘lladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning sentyabr–oktyabr oylarida Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining veb-saytlari monitoring qilingan. Tekshiruvlar davomida qator kamchiliklar va qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Jumladan, ayrim banklar “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonun talablariga amal qilmagani, ya’ni veb-saytlarida ma’lumotlarni davlat tilida joylashtirmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ba’zi banklar kredit ta’minotiga qabul qilingan garov mulklarini qarz qoldig‘iga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibini ham e’lon qilmagan.
Bu kabi holatlar Agrobank, Anor bank, Hayot bank, Universal bank, Garant bank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, Oriyent Finans bank, Ipoteka-bank, Tenge bank, Ziraat bank Uzbekistan, AVO bank va Open bank saytlarida kuzatilgan.
Markaziy bank har bir qoidabuzar bankka 102 million so‘mdan jarima soldi. Shu bilan birga, barcha banklarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda veb-saytlardagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborildi.
Markaziy bank barcha tijorat banklariga iste’molchilarga axborot oshkor etishda davlat tiliga oid qonun talablariga so‘zsiz rioya etish, veb-saytlardagi ma’lumotlarning to‘liqligi, dolzarbligi va ishonchliligini ta’minlash lozimligini qat’iy talab qildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA