Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yil iyun-iyul oylaridagi yig‘ilishlarida 59 ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 37 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (5 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta) bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun dastlabki ruxsat berish (1 ta) va banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (2 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (20 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 22 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan masalalar ham muhokama qilindi.
To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori shakllantirilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilinmagani holatlari hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 15 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, “IMKON FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI” AJda aniqlangan qoidabuzarliklar uchun mazkur tashkilot mijozlarini moliyalashtirish bilan bog‘liq operatsiyalarining (kreditlash, lizing va kafolatlar berish, faktoring xizmatlari ko‘rsatish) amalga oshirilishi uch oy muddatga cheklandi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA