Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank 1 milliard dollarlik islohotlarni boshladi
11:25 / 2026-01-07

Markaziy bankda moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Qarorga muvofiq, 2026-2030 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Jumladan, sohada faoliyat yurituvchi startaplarga 1 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, fintech bozorida ishtirokchilar sonini kamida 200 taga yetkazish, 100 ta startapni inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan o‘tkazish hamda kamida 5 ming nafar yoshlarni moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishida o‘qitish rejalashtirilgan.

[gallery-27015]

Mazkur yig‘ilishda 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan rejalar hamda Singapurda o‘tkazilgan fintech tadbiri doirasida ilgari surilgan tashabbuslar muhokama qilindi.

Markaziy bank tomonidan yig‘ilish ishtirokchilariga QR-kodlar orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona standartlarini joriy qilish, ochiq banking asosida banklar va fintech kompaniyalar o‘rtasida xavfsiz va standartlashtirilgan ma’lumot almashinuvi tizimini joriy etish, real vaqt rejimida to‘lov va o‘tkazmalarni kengaytirish, – RegTech yechimlari asosida hisobot va nazorat tizimlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, Markaziy bank huzurida tashkil etiladigan venchur fondi va innovatsion xab faoliyati doirasida moliyaviy texnologiyalar startaplarini moliyalashtirish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, startaplar duch kelayotgan muammolar, an’anaviy bank tizimining kamchiliklari, shuningdek, aksiyadorlar tomonidan aniq strategiya va tizimli yondashuvning yetishmasligi masalalariga e’tibor qaratildi. Sun’iy intellekt yo‘nalishida xakaton tadbirlari, 2026 yildan boshlab skoring va marketplace platformalarini joriy etish rejalari ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Open Bankingni P2P rejimida joriy etish, universal QR-kod tizimini integratsiya qilish va texnik muvofiqlashtirish, boshqaruv sifatini oshirish maqsadida data governance tizimini rivojlantirish hamda Chief Data Officer (CDO) lavozimini joriy etish tashabbuslari ilgari surildi. Fintech hub va akseleratsiya dasturlarini tashkil etish rejalari ham e’lon qilindi.

Seminar doirasida milliy fintech strategiyasini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish, fintech sohasida yangi kadrlarni tayyorlash va rag‘batlantirish, fintech kompaniyalari hamda ularni boshqaruvchi mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ta’kidlandi.

Shuningdek, sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, bank startaplarini sun’iy intellekt laboratoriyalariga yo‘naltirish, hududlarda sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish va yosh kadrlarni tayyorlash Prezident farmonida belgilangan bo‘lib, tijorat banklari ham ushbu jarayonda faol ishtirok etishi qayd etildi.

Shahnoza Mamaturopova,

Asliddin Alijonov (surat),

O‘zA