Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markazda xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitilmoqda
22:06 / 2024-04-02

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda aholining, xususan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish, turmush farovonligi va yashash sharoitlarini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandligini ta’minlash orqali daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tomonidan ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. 

–Markazimizning asosiy faoliyati xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha o‘qitish, qayta tayyorlash va ishga joylashishiga ko‘maklashishdir, – deydi Andijon viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Muqaddasxon Karimova. – Bu boradagi ishlar viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda reja asosida olib borilmoqda. 

Markazda xotin-qizlar asosan uy -mehmonxona, uy- bog‘cha, “Go‘zallik saloni”, issiqxona tashkil etish, tikuvchilik, pazandachilik, qandolatchilik va kompyuter savodxonligi yo‘nalishilari bo‘yicha 60 soatlik maxsus o‘quv kurslariga jalb etilgan holda tadbirkorlikka va kasbga o‘qitilmoqda.

Kurs mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan, malakali, tajribali mutaxassislar jalb etilgan. Ayniqsa, o‘tgan yili kompyuter savodxonligi, IT mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish, kasb o‘rganish istagidagi xotin-qizlar salmog‘i ancha yuqori bo‘ldi. Ana shu yo‘nalishdagi kursda 766 nafar qiz-ayol tahsil oldi. 

Mashg‘ulotlarni yakunlagan ayollarga markaz tomonidan maxsus sertifikat berilib, imtiyozli kredit olish uchun banklarga yo‘naltiriladi. Tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlarining tavsiyanomasiga asosan banklar tomonidan ularga kreditlar ajratiladi. 

Markaz tomonidan o‘tgan 2023-yil davomida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, tadbirkorlik qilish yoki kasb-hunar o‘rganish istagidagi 4 ming 391 nafar xotin-qiz o‘quv qurslarida o‘qitildi. 

Markazdagi “Tikuvchilik”, “Kashtachilik”, “Kompyuter savodxonligi”, “Qandolatchilik”, “Go‘zallik saloni” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari mashg‘ulotlarida opa-singillarimizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, qator kasb-hunarlar bo‘yicha zarur bilim va tushunchalar berildi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan 970 nafar xotin-qiz taqdim etilgan subsidiyalar asosida tikuv mashinalari va boshqa dastgohlar olib, o‘zini o‘zi band qildi. Shuningdek, ularning 525 nafari 1 milliard 500 million so‘mdan ziyod miqdorida imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashildi. Norasmiy faoliyat yuritayotgan 50 nafar hunarmand ayolga ro‘yxatdan o‘tish, «Hunarmand» uyushmasiga a’zo bo‘lishiga amaliy yordam berildi.

Shuningdek, markaz mutaxassislari tomonidan tuman va shaharlardagi ishsiz, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 2 ming nafar xotin-qiz bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi. 

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishiga amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, Baliqchi tumani Xalfachek mahallasida yashovchi Muxlisa Ahmadjonovaga hamda Ko‘l mahallasida yashovchi Dildora Isoqovaga grant mablag‘lari hisobidan mini texnologiya va tikuv mashinalari sotib olishiga yordamlashildi. Ular tomonidan tashkil etilgan korxonalarda 40 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 

Markazda tahsil olgan bir necha ayolning xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan qator loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat va notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi grantlari doirasida moliyalashtirildi. 

Markazga kelib o‘qish imkoniyati bo‘lmagan,chekka hududlarda istiqomat qiluvchi tadbirkorlik qilish yoki kasb-hunarga qayta o‘qish istagi bo‘lgan qiyin sharoitlarda yashayotgan ayollarning yashash joylariga markaz trenerlari borib, o‘sha joyning o‘zida mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida markaz mutaxassislari tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha tuman va shaharlarda belgilangan reja asosida monitoring ishlari olib borilmoqda. Monitoring jarayonida joylardagi tadbirkorlik qilish istagidagi ayollar ro‘yxati shakllantirilmoqda, ularning imkoniyatlari o‘rganilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda Andijon viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash orqali doimiy daromad manbaini shakllantirish, turmush farovonligini yuksaltirishiga ko‘maklashishdir. 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari