Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.
Andijon shahrini viloyatning 8 ta hududi bilan bog‘lovchi jamoat transporti mavjud emasligi oqibatida kuniga 80 ming aholi viloyat markaziga 20 mingga yaqin yengil transportda kelishga majbur.
Tig‘iz paytda Andijon shahridagi tirbandlik 7-8 ballga chiqib ketmoqda. Vaholanki, 1 ta kichik avtobus kuniga kamida 400 nafar aholiga xizmat ko‘rsatib, 25 ta yengil mashinani o‘rnini bosadi.
Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib, yangi marshrutlar va viloyat sharoitiga mos avtobus rusumlarini aniqlab, taklif berish topshirildi.
Davlatimiz rahbari Andijon shahri bo‘yicha muhim bir tashabbusni aytdi. Shahar markazida “Andijon turmasi” nomi bilan tanilgan 3-son tergov hibsxonasi joylashgan. Kundan-kunga shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib turgan vaqtda 100 yil oldin qurilgan bunday “sovuq” binoning markazda bo‘lishi noto‘g‘ri ekani qayd etildi.
Shu bois bu ob’ekt shahar chekkasiga ko‘chirilishi, o‘rnida zamonaviy ko‘ngilochar savdo va servis markazi barpo etilishi belgilandi.
O‘zA