Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining, xususan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarini o‘rganish, hal etish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ularning daromadlarini oshirish, turmush farovonligi va yashash sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tomonidan ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Buni Andijon viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Markazimizning asosiy faoliyati xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha o‘qitish, qayta tayyorlash va ishga joylashishiga ko‘maklashishdan iborat, – deydi Andijon viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Muqaddasxon Karimova. – Bu boradagi ishlar viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda reja asosida olib borilmoqda.

Markazda xotin-qizlar asosan uy mehmonxona, uy bog‘cha, go‘zallik saloni, issiqxona tashkil etish, bog‘dorchilik, chorvachilik, quyonchilik, asalarichilik, tikuvchilik, pazandalik, qandolatchilik va kompyuter savodxonligi yo‘nalishlari bo‘yicha 60 soatlik maxsus o‘quv kurslariga jalb etilgan holda tadbirkorlikka yo‘naltirilmoqda, kasbga o‘qitilmoqda.
Markazda kurs mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Malakali, tajribali mutaxassislar jalb etilgan. Mashg‘ulotlarni yakunlagan ayollarga markaz tomonidan maxsus sertifikat berilib, imtiyozli kredit olish uchun banklarga yo‘naltiriladi. Tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlarining tavsiyanomasiga asosan banklar tomonidan ularga kreditlar ajratiladi.
Markaz tomonidan joriy 2025 yil davomida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, tadbirkorlik qilish yoki kasb-hunar o‘rganish istagidagi 6 ming 800 nafar xotin-qiz o‘qitildi.
– Men “Ayollar daftari”da turar edim, – deydi Andijon shahri Xo‘tanariq mahallasida yashovchi Nasibaxon Nazirova. – Chevarlik hunarim bo‘lsa-da, biror joyga ishga kirolmay ancha qiynaldim. Mahalla xotin-qizlar faoli tavsiyasi bilan markazga kelib tahsil oldim. Chevarlik bo‘yicha bilim va malakamni oshirdim, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgandim.

Shundan so‘ng subsidiya asosida bir nechta tikuv mashinasi olib, o‘z tadbirkorligimni boshladim. Bolalar, ayollar liboslarini tikishni yo‘lga qo‘ydim. O‘ndan ortiq shogirdlar oldim. Ishlarim yurishib, qisqa vaqtda tadbirkorga aylandim.
Viloyat miqyosida 30 dan ortiq joylarda qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘qib tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan ayollar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sotuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar tuzildi. Bir qator mahsulotlarni nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda, xususan, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga olib chiqish masalasi hal etildi. Bu boradagi ishlarni samarali va belgilangan tartiblar doirasida amalga oshirish uchun tadbirkor ayollarning viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari bilan uchrashuvlari o‘tkazib borilmoqda.
Uchrashuvlarda hunarmand va tadbirkor ayollar mahsulotni eksport qilish bo‘yicha zarur bilim hamda ko‘nikmalar olmoqda. Bundan tashqari, o‘rta maktabni tamomlab, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirolmagan yoki ishga joylasha olmagan qizlar “Ma’rifatli qizning qadami qutlug‘ kelur” deb nomlangan o‘quv seminarlariga, shuningdek, tadbirkorlik va hunarmandchilik yo‘nalishini tanlagan qizlar qisqa muddatli o‘quv kurslariga jalb etildi.
Markazdagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarida opa-singillarimizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qator kasb-hunarlarni o‘rganish bo‘yicha zarur bilimlar, ko‘nikmalar berildi. Shuningdek, viloyat markaziga kelish imkoniyati yo‘q, tumanlarda, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan, tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan yoki iqtisodiy og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarning yashash joylariga markaz trenerlari o‘zlari borib, mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Kurslarni tamomlab, sertifikat olgan ayollar lider va tajribali tadbirkorlarga biriktirildi.
– Men tadbirkorman, shu bilan birga, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida trener bo‘lib ish olib boraman, – deydi Izboskan tumanida ish yurituvchi tajribali tadbirkor Irodaxon Abdurazzoqova. – Markazda tahsil olib, sertifikat olgan ko‘plab izboskanlik xotin-qizlar mening tikuvchilik korxonamga kelib ish o‘rganadi, tajriba orttiradi. Ularga imkon qadar yordamlashaman, tadbirkorlik sirlarini o‘rgataman. Hozirgacha mendan ish o‘rgangan yuzlab yoshlar mustaqil ravishda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan. Bu bilan ular nafaqat oilasi byudjetiga daromad keltirmoqda, balki hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga hunar o‘rgatmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratib kambag‘allikni qisqartirishga hissa qo‘shmoqda.
Bilamizki, Andijon viloyatida hunarmandchilik sohasi keng rivojlangan. Markaz xodimlarining sa’y-harakati bilan norasmiy faoliyat yuritayotgan 201 nafar hunarmand ayol ro‘yxatga olindi. Ularga “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanish, kreditlar olish bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Markaz tashabbusi bilan joriy yilda “Ma’rifatli qizning qadami qutlug‘ kelur” aksiyasi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan xotin-qizlar o‘rtasida “Eng yaxshi startap loyiha” tanlovi o‘tkazildi.
Aytish joizki, bugungi kunda Andijon viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash orqali barqaror daromad manbalarini yaratish hamda oilalar farovonligini yuksaltirishga ko‘maklashishdan iborat.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.