Bundan besh-olti yil avval birorta hujjat olish uchun davlat idoralariga ishi tushganlarning aksariyati sansalorlik, turli byurokratik to‘siqlar va mavjud korrupsion holatlarga duch kelishi aniq edi. Hattoki, oddiy ma’lumotnomani olish uchun anchagina vaqt ketishiga yoki qaysidir tanishning ko‘magidan foydalanishiga to‘g‘ri kelardi. Bugungi kunga kelib, bu boradagi ishlar tubdan o‘zgardi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan bir necha yil avval “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida boshlangan islohotlar bugun o‘z mevasini bermoqda. Chunonchi, fuqarolarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, qulaylik yaratishni maqsad qilgan Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilganligi xalqimizning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirdi. Natijada qisqa muddat ichida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni ortdi, sifati tubdan yaxshilandi, aholining Davlat xizmatlari markazlariga oqimi sezilarli darajada o‘sdi. Bu boradagi ishlarni Andijon shahar Davlat xizmatlari markazi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
– Agar e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bundan besh yil avval Markazimiz orqali 30 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 200 dan ortdi, – deydi Andijon shahar davlat xizmatlari markazi rahbari Abdurahmon Alimov. – Boshqa tashkilotlar bilan integratsiyalashuv, axborot almashish jarayonlarining yo‘lga qo‘yilishi bilan xizmat ko‘rsatish turlari yana ortib boradi. Eng asosiysi, ko‘rsatayotgan xizmatlarimiz aholiga qulaylik yaratmoqda, ularning uzog‘ini yaqin qilib, vaqtlarini tejamoqda.
Markaz tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 201 xizmat turi bo‘yicha 94 ming 582 xizmat ko‘rsatildi. Shundan 67 ming 272 xizmat bevosita ko‘rsatilgan bo‘lsa, 27 ming 222 tasi onlayn, ya’ni internet orqali ko‘rsatildi. Bundan tashqari, ana shu davr mobaynida 1 ming 807 tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ulardan 694 tasi yuridik shaxs maqomidagi xo‘jalik sub’ektlari bo‘lsa, 1 ming 113 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlaridir.
Fuqarolarning murojaatlariga ko‘ra, markaz tomonidan uy-joy va noturarjoylarning kadastr pasportlarini tayyorlash, elektron raqamli imzo olish, farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish, sudlangan yoki sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma olish uchun ariza yuborish, shuningdek, nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma, ID kartasi olish bo‘yicha eng ko‘p xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsiy guvohnomasi – ID karta olish uchun markazga kelgan edim, – deydi Andijon shahar, Guliston mahallasida yashovchi Abzalbek Ermatov. – Elektron tarzda navbat olib, murojaat qildim. Mutaxassislar belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatishdi. Qisqasi, ortiqcha qiyinchiliklarsiz ID karta olishga muvaffaq bo‘ldim.
Shuningdek, aholiga kulaylik yaratish maqsadida mobil davlat xizmatlari ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni markaz mutaxassislari fuqarolarning chaqiruviga asosan, ularning xonadonlariga borib, zarur xizmatlarni ko‘rsatmoqda.
[gallery-12736]
Masalan, Andijon shahri, 2- kichik dahada yashovchi 70 yoshli Tamara Vorfolomeva telefon orqali xonadonining kadastr hujjatlari tayyorlab berilishini so‘rab murojaat qilgan. Markaz mutaxassislari tomonidan qisqa vaqtda keksa fuqaroning murojaati ijobiy hal etib berildi. Ta’kidlash joizki, amalga oshirilayotgan yuqoridagi kabi ishlar mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy samarasidir. Umuman, Davlat xizmatlari agentligining asosiy maqsadi, aholiga turli to‘siqlarsiz va ortiqcha hujjatlarsiz davlat xizmatlari ko‘rsatishdan iborat.
Olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlar yurtdoshlarimizga katta qulayliklar yaratish bilan birga, ularning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA