Mamlakatimizda mahallalarni yanada obod, ko‘rkam va farovon go‘shaga aylantirishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlaridan 30 ta mahalla “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hudud” sifatida tanlab olindi.
Prezidentimizning joriy yil 8 oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq endilikda bu go‘shalarda infratuzilmani yaxshilash orqali tadbirkorlik rivojlantiriladi. Yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, qishloq mahallalariga shahar muhiti va yashash sharoitlari olib kiriladi.

Viloyatning Angor tumanidagi Markaz mahallasi ham “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi hudud” sifatida obodonlashtirilib, qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi asosida aholi uchun qulay sharoit yaratib, infratuzilmani yangilash, zamonaviy muhitni shakllantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda 515 ta xonadondan iborat osuda go‘shadagi 850 ta oilada uch ming 348 kishi istiqomat qiladi. Hududda 35 nafar ishsiz fuqaro ro‘yxatga olingan. 16 oila “Kambag‘allik reyestri”da, 81 oila “Ijtimoiy reyestr”da qayd etilgan.
Mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli namunali hududga aylantirish uchun tadbirkorlik yanada rivojlantirilib, turli xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘cha va yo‘llar tartibga keltirilib, ta’mirlanadi. Kommunal xizmatlar sifati oshirilib, ijtimoiy soha ob’ektlari va xonadonlar zamonaviy qiyofada bo‘y ko‘rsatadi. Bolalar va sport maydonchalari, yashil xiyobon, piyodalar yo‘lagi barpo etiladi. Ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan tadbirkorlik loyihalari ishga tushirilib, aholi bandligi ta’minlanadi. Tomorqalarga yuqori daromadli ekinlar ekilib, odamlarning turmush darajasi yuksaltiriladi.

Mahallada amalga oshirilayotgan ulkan obodonlashtirish-bunyodkorlik ishlari va belgilab olingan tadbirlar o‘z vaqtida bajarilishini tuman hokimi Qosim Mardonov bevosita nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish choralarini ko‘rmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA