Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaz faoliyatiga bag‘ishlandi
12:52 / 2025-06-06

Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi  “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar uchun ochiq eshiklar kuni hamda press-tur tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari markazning yangi qurilgan xizmat ko‘rsatish binosi hamda mahallalarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy xizmatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Press-tur davomida Binokor mahallasidagi ijtimoiy xizmatlar samarasi va faoliyati ko‘zdan kechirildi. Jurnalistlar mahalla idorasida ijtimoiy xodimlar uchun yaratilgan zamonaviy ish sharoitlari, mahallalarda olib borilayotgan ishlarni, xususan, ehtiyojmand oilalar bilan ishlash jarayonlarini bevosita kuzatdilar.

“Inson” markazi direktori Yulduz Umarova 2025 yilning yanvar–may oylari davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi:

– Besh oylik davr mobaynida markazimiz tomonidan jami 1 577 ta ijtimoiy xizmat ko‘rsatildi. Ulardan 132 tasi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga, 498 tasi moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar tayinlashga, 38 tasi esa yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarga yo‘naltirildi. Shuningdek, 45 ta psixologik xizmat ko‘rsatildi, qolganlari esa boshqa turdagi ijtimoiy yordamlarni o‘z ichiga oldi, – dedi Yulduz Umarova.

Markaz rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shu davrda nogironligi bo‘lgan 47 nafar shaxs protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlangan, 84 nafar shaxs esa reabilitatsiya uchun texnik vositalar olgan. Shuningdek, 58 nafar nogiron shaxs bandlikka erishgan, 22 nafar shaxs adaptiv sport turlariga jalb etilgan va 3 nafar shaxs reabilitatsiya markazlariga yo‘naltirilgan.

– Yil boshidan buyon 1 345 ta oila so‘rovnomadan o‘tkazildi. Ulardan 518 tasi “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Bu oilalarda yashovchi a’zolar soni 2 253 nafarni tashkil etadi. Biz har bir oilaning aniq ehtiyojlaridan kelib chiqib, individual yondashuv asosida yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi markaz direktori.

Ommaviy axborot vositalari vakillari “Inson” markazining tuman va mahallalardagi faoliyati, kambag‘al oilalar bilan ishlash, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga ko‘rsatilayotgan kundalik ijtimoiy yordam hamda huquqiy-ma’naviy ko‘mak kabi muhim yo‘nalishlar bilan ham yaqindan tanishdilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri