Andijon viloyati ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar eng avvalo, inson qadrini ulug‘lashga, odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, shuningdek, yolg‘iz yashovchi, nogironligi bo‘lgan insonlarning og‘irini yengil qilish, ularning muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatini tekshirish dalolatnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Mazkur qarorga asosan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni markazga joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangicha tartiblar belgilandi, – deydi Andijon viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Otabek Ismoilov. – Qarorning 3-ilovasida ko‘rsatilgan “Tibbiy hujjat”lar to‘plamini taqdim etish orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlari istiqomat qilayotgan tuman, shaharlar “Inson” ijtimoiy markazlari tomonidan yo‘llanma asosida viloyat Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga yuboriladi va ularga belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi.
Bugungi kunga kelib, Andijon viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida yashayotgan keksa otaxon va onaxonlarga, shuningdek, yuqoridagi toifaga kiruvchi yo‘llanma asosida markaz xizmatlaridan foydalanayotgan nuroniylarga belgilangan xizmatlar yuqori saviyada ko‘rsatib kelinmoqda. Bundan tashqari, markazda “Qisqa va uzoq muddatli”, “Kunduzgi qatnov” hamda “Mobil xizmat” yo‘nalishlari bo‘yicha pullik xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbirida markazga tashrif buyurgan nuroniylar, keng jamoatchilik vakillariga mutaxassislar tomonidan markazda olib borilayotgan ishlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar uchun ko‘rsatiladigan xizmat turlari, qisqa, uzoq muddatli statsionar va kunduzgi xizmatlar ko‘rsatish uchun yaratilgan qulaylik, shart-sharoitlar xususida keng va atroflicha ma’lumotlar berildi.
[gallery-19285]
Markazda o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar doimiy shifokorlar nazoratida bo‘ladi. Bemorlarga tavsiya etilgan muolajalarni o‘z vaqtida olishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida yo‘lga qo‘yilgan yangi turdagi xizmatlardan ko‘zlangan maqsad, o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, reabilitatsiya xizmatlari orqali ularni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida yashashiga ko‘maklashishdan iborat. Qolaversa, qisqa muddatga bo‘lsa ham ularning ruhiyati, kayfiyatini ko‘tarishga, davlatimiz himoyasida ekanliklarini his etib yashashlariga ko‘maklashishga qaratilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilar markazdagi xizmat ko‘rsatish jarayonlarini bevosita kuzatdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shuningdek, muassasada istiqomat qilayotgan keksa otaxon va onaxonlar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati buyumlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari