Xalqaro zargarlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida “Marjon ohanglari” nomli Buxoro va Samarqand zargarlik san’ati ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Ko‘rgazmada muzey fondiga oid, ikki tarixiy shaharga xos an’anaviy zargarlik uslublari, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan milliy taqinchoqlar hamda milliy liboslarga mos bezak buyumlari namoyish etilmoqda.

Aytish kerakki, Buxoro zargarlik maktabi, aslida, an’anaviy zargarlik san’ati va zardo‘zlik an’analarini saqlab qoluvchi va rivojlantiruvchi norasmiy, lekin juda mustahkam maktab sanaladi. Unda o‘tmishda ustalar o‘z hunarlarini shogirdlariga ajdodlardan avlodlarga yetkazgan. Endi esa rasmiy ravishda Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivallari o‘tkazilib, bu an’analar zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan.
Samarqand zargarlik san’ati an’analar, zamonaviylik va noyob naqshlar uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Unda qadimgi usullar, kumush, oltin, shuningdek, firuza va boshqa qimmatli toshlar ishlatiladi.

Samarqand zargarligi O‘rta Osiyo zargarlik san’atining muhim markazlaridan biri bo‘lib, o‘ziga xos naqshlar (geometrik, o‘simlik) va tusga ega. Samarqand zargarlik san’ati qadim tarixi, betakror uslubi va zamonaviy yo‘nalishlar bilan boyib, milliy iqtisodiyotda ham ahamiyatli o‘ringa ega.
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma yoshlar hamda xorijiy sayyohlarda katta taassurot uyg‘otmoqda.

Mazkur ko‘rgazma milliy zargarlik san’atini targ‘ib etish, hunarmandchilik an’analarini asrash va yosh avlodga yetkazishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma 2026 yil 10 fevralga qadar davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA