Mariya xonim nima deydi?
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi deb taqdim etilayotgan Mariya xonimning daʼvolarini hammamiz oʻqidik, eshitdik, bildik.
Munosabat
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi deb taqdim etilayotgan Mariya xonimning daʼvolarini hammamiz oʻqidik, eshitdik, bildik. Nima emish, Oʻzbekistonda koʻpchilik davlat tilida ish yuritilishiga, bu boradagi qonun talablarini buzganlar uchun choralar koʻrilishiga qarshi emish. Rus tilini Oʻzbekistonda keng targʻib etish uchun Rossiya hukumati yana bir qator choralarni koʻrishi kerak emish va hokazo...
Mariya Zaxarova degan xonimni uncha yaxshi bilmayman. Ammo, hozir koʻpchilik singari unga tahqiru malomat yogʻdirmoqchi emasman.
Avval oʻzingga boq... deganlar.
Oʻzbek tilining tarixi ming yillar bilan oʻlchanadi. Bir yarim ming yil avval ajdodlarimiz oʻz oʻgitlarni ona tilimizda toshlarga oʻyib yozganlarida Mariya Zaxarovaning katta buvalari qayerda, nimalar bilan mashgʻul edi – bu endi boshqa masala. Biroq, tilimizning davlat tili maqomiga ega boʻlganiga endi 30 yildan oshdi. Shunday boʻlsa-da, amalda to shu paytga qadar tilimiz oʻz maqomini toʻla maʼnoda egallay olmagandi. Bunga oʻzimiz, bizning rahbarlarimiz, chala oʻris ziyolilarimiz sabab boʻldi.
Prezident tashabbusi bilan tilimizga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratila boshlagan, qaror va farmonlar chiqarilib, hatto davlat tili kunini bayram sifatida nishonlash belgilangan bir paytda, Mariya xonim va uning valineʼmatlari tipirchilab qolganini toʻgʻri tushunish mumkin. Zotan, bizning ayrim “kattakon”larimizdan farqli oʻlaroq, Mariya xonim va uning “boshqonlari” oʻz davlati, oʻz tili, oʻz mafkurasini himoya qilib chiqmoqda. Yolgʻon gapirsa, fitna chiqarsa ham oʻz yurti, oʻz xalqi uchun qilayotir.
Xoʻsh bu gaplarni aytishga Mariya xonimni nima majbur qildi? Oʻzimizdan chiqqan ziyolilar, xalq artistlari, olimu sanʼatkorlarimizning 18 nafari (ular orasida birorta oʻrischa familiya yoʻq) “rus tiliga rasmiy til maqomini beraylik” deb chiqqani hammamizning esimizda. Shunday ekan, Mariya xonimlardan nimani kutishimiz mumkin?
Oʻzimizning mutasaddilar poytaxtning qoq markazida Chor Rossiyasining bir paytlar yurtimizga qilich koʻtarib, oʻq yogʻdirib kirib kelgan 24 bosqinchisining xotirasiga atab qurilgan butxonani “yuksak darajada” taʼmirdan chiqarib turishganda, Mariya xonimlar yana nima qilishi kerak edi?
Oʻzimizning yirik anjumanlarda soʻzga chiqqan olimu fozillarimiz, vaziru nozirlarimiz xushi kelsa oʻzbekcha salom berib, qolgan nutqini toʻliq oʻrischada oʻqib turganda, uncha-muncha idoralar hali-hamon oʻrischa ish yuritishdan voz kecholmay turganda, Mariya xonimlar yana nima desin?
Olis tuman yoki qishloqdan katta idoraning eshigi oldiga kelgan bir hamyurtimiz oʻrischa bilmasligidan mulzam boʻlib, ishini bitirib ketolmay javdirab turganida, Mariya xonimlar oʻz bilganicha ish bitirmasinmi?
Kattalarni-ku qoʻyaveraylik, avtobusdagi konduktordan doʻkondagi sotuvchigacha birorta rusbashara odamga duch kelganida “pajaliska” deb iljayib tursa (yurtimizdagi biror bir fuqaro sotuvchi yoki haydovchining gaplarini tushuna oladigan darajada bilmasligiga ishonmayman), Mariya xonimlar nima desin?
Oʻzimiz “bolalarimiz ertaga qiynalib qolmasin” deb tanish-bilish yoki “qistir-qistir” qilib boʻlsa-da, bolasini rus sinfiga joylashga shay tursak (aslida buning teskarisi boʻlishi kerak emasmi?), hatto ayrimlar bolasining oʻzbekchani tushunmasligini aytib maqtanayotgan bir paytda Mariya xonim “bolangizni oʻzbek maktabida oʻqiting” desinmi?
Oʻzimiz biznesimiz gurkirab ketishi uchun reklama yoki eʼlonlarimizni boshqa tillarda berishni istasak, oʻrislar bor davrada “oʻtmas” deb oʻylamasliklari uchun oʻrischa sayrab tursak, Mariya xonimlarning tegirmoni gir aylanmaydimi?
Bu bilan men Mariya Zaxarovani ham, u mansub boʻlgan hukumat siyosatini ham oqlamoqchi emasman. Aslida rus tilini rivojlantirish, ommalashtirish orqali boshqa mahalliy tillar yil sayin cheklanib, muomaladan chiqib qolayotgani ham hech kimga sir emas. Rossiya tarkibidagi koʻplab subyektlar – Chechenistonda ham, Tataristonda ham, Oltoyda ham, Yoqutiston yoki Chukotkada ham mahalliy tillarda soʻzlovchilar soni qisqarib, rus tili yetakchi mavqeni egallab bormoqda.
2019-yil 10 sentyabyur kuni udmurtiyalik (Rossiya tarkibidagi subyekt) Albert Razin oʻzining ona tili yoʻqolib borayotganiga norozilik belgisi sifatida mahalliy parlament binosi oldida oʻziga oʻzi oʻt qoʻygani koʻpchilikning yodida. Bu aslida boshqalar uchun ham yetarlicha saboq boʻlishi lozim.
Toʻgʻri, oʻzbek tili hozircha Yer yuzidagi barqaror tillar qatorida turibdi. Ammo, tilimiz mavqeini saqlashga yetarlicha eʼtibor bermasak, jilovni Mariya xonim va uning vallomatlari qoʻliga topshirib qoʻysak, oradan yillar (ehtimol 10 yil, ehtimol 100-yil) oʻtib qarshimizda faqat ikki yoʻl qoladi: Yo oʻz tilimizni unutib, boshqalarning tilida chuldirash, yoki Albert Razin tutgan yoʻl (Astagʻfirulloh!)...