Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifiy tadqiqotlar taqdimoti o‘tkazildi
15:03 / 2025-12-18

“Renessans” kino uyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Yoshlarni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish va ma’naviy-axloqiy tarbiyalash bo‘yicha o‘quv va ilmiy-metodik qo‘llanmalar, uslubiy tavsiya, ma’rifiy adabiyot va media mahsulotlar majmuasini yaratish” loyihasi doirasida tayyorlangan kitoblar, ilmiy ishlanma va risolalar taqdimoti o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini o‘rganishga oid tizimli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, davlat grantlari va ilmiy dasturlarning keng joriy qilinishi, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlarni moliyalashtirish, oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy-gumanitar fanlarni rivojlantirish hamda olimlar va tadqiqotchilarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Bunday tadqiqotlar jamiyatning ma’naviy rivoji, milliy qadriyatlar, ijtimoiy ong, yoshlar tarbiyasi, ma’naviy xavfsizlik kabi masalalarni ilmiy asosda o‘rganishga xizmat qiladi. Shu sababli ham bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash strategik ahamiyatga ega.

[gallery-26788]

Ilmiy tadqiqotlar jamiyatdagi ma’naviy muammolarni aniqlash va ularga yechim ishlab chiqishga, milliy o‘zlikni saqlash, tarixiy xotira va an’analarni ilmiy asosda rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, navqiron yosh avlod ongi, qadriyatlari va ijtimoiy faolligini o‘rganish orqali yoshlar siyosati, tarbiyaviy dasturlar takomillashtiriladi. Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bu faqat ilm-fanni rivojlantirish emas, balki jamiyatning barqaror kelajagini ta’minlashdir.  

Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti faoliyati tashkil etilgan edi. Institut 3 yillik faoliyati mobaynida mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati, milliy g‘oyaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, jamiyat barqarorligiga salbiy ta’sir etuvchi tahdidlar va ularni bartaraf etish yuzasidan bir qator ilmiy-amaliy izlanishlar olib bordi.  

Ayniqsa, jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit holatini tadqiq qilish, baholash va yaxshilash bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar tayyorlab kelmoqda.  

Ushbu loyihaga mamlakatimizning turli xududlaridan 40 dan ortiq professor va olimlar, doktorant va izlanuvchilar jalb qilingan.

Loyiha doirasida O‘zbekistonda aholi, xususan, yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, sog‘lom dunyoqarashini shakllantirish, ta’lim, ma’rifat sohalarini isloh qilishning yangi mexanizmlari ishlab chiqilgan hamda loyiha bo‘yicha tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.

Taqdimot tadbirida mazkur ilmiy izlanish natijalari bilan batafsil tanishish imkoniyati yaratildi.  

N.Usmonova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA