Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifiy diplomatiya: Buxoro va Usmonli turk hukmdorlari o‘rtasidagi kitob almashinuvi
09:05 / 2026-01-08

Diplomatik munosabatlar tarixida davlat rahbarlari odatda qimmatbaho sovg‘alar, qurol-yarog‘ yoki oltin-kumush almashinuviga katta e’tibor beradilar. Ammo XIX asr boshlarida Buxoro amirligi va Usmonli davlati o‘rtasidagi yozishmalarda butunlay boshqacha, g‘oyat ibratli holat kuzatiladi. Buxoro hukmdori o‘z elchilari orqali Istanbuldan moddiy boylik emas, balki nodir kitoblar yuborishni so‘ragan. Ushbu voqea ajdodlarimizning ilm-ma’rifatga bo‘lgan munosabati naqadar yuksak bo‘lganligini ko‘rsatuvchi dalildir.

Usmonli arxividagi turk sultonining hijriy 1242 yil 29-zulhijja (milodiy 1827 yil 24 iyul) sanasi bilan qayd etilgan xatti humoyunida Buxoro hukmdorining sultondan tafsir (Qur’on sharhi) va fiqh (islom huquqshunosligi) kitoblarini so‘ragani bayon etilgan. Bu shunchaki oddiy iltimos emas, balki davlat miqyosidagi muhim masala sifatida ko‘rilgan. Buxoro amirining iltimosiga ko‘ra, bozorda mavjud bo‘lgan kitoblarni sotib olish uchun xazinadan mablag‘ ajratilishi haqida maxsus farmon chiqarilgan.

Hujjatda keltirilishicha, Buxoro amiri tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatdagi kitoblarning bir qismi sotib olingan va ularning narxi besh ming to‘rt yuz ellik uch kurushni tashkil etgan. Biroq masalaning eng qiziqarli tomoni shundaki, amir so‘ragan ayrim nodir kitoblar kitob bozorlarida topilmagan. Shunda Usmonli sultoni bu noyob asarlarni saroy ichidagi Enderun kutubxonasidan qidirib topish va agar mavjud bo‘lsa, Buxoroga yuborish haqida ko‘rsatma bergan. Bu holat ikki turkiy davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarning naqadar chuqur bo‘lganligini va sultonning ilm ahliga bo‘lgan yuksak hurmatini namoyon etadi.

Buxoro amirlarining kitobga bo‘lgan muhabbati faqat bu bilan cheklanmagan. Turk sultonining hijriy 1235 yil 29-zulhijja (milodiy 1820 yil 7 oktyabr) sanasidagi boshqa bir xatti humoyunida ham Buxoro amiri Haydar tomonidan so‘ralgan kitoblar to‘plamini yuborish haqida so‘z boradi. Amirning bu ma’rifiy iltimosi – kitoblar yuborish masalasi ijobiy hal qilingan. Bu shuni anglatadiki, siyosiy vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ilm-fan va ma’rifat yo‘lidagi hamkorlik to‘xtab qolmagan.

Buxorodan borgan elchilar, masalan, Mirza Muhammad Fozil, 1824 yilda o‘z yurtidan qimmatbaho sovg‘alar qatorida Qur’oni Karimning noyob nusxalarini ham olib borganligi va bu turk sultoni Mahmud II tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilingani ham Usmonli avxivi hujjatlarida qayd etilgan.

Tarixiy manbalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, XIX asr Buxoro amirligi uchun nafaqat siyosiy kurashlar, balki fiqh va tafsir ilmlarini chuqur o‘rganish davri ham bo‘lgan. Amir Haydar kabi hukmdorlar davlat xazinasi mablag‘larini Istanbuldan nodir kitoblar keltirishga sarflashi, ularning davlat boshqaruvida ma’rifatga tayanishga intilganligini ko‘rsatadi. Usmonli sultonlarining bu so‘rovlarga “labbay” deb javob berishi va hatto o‘z shaxsiy kutubxonalarini ochib berishi esa turkiy xalqlar o‘rtasidagi yagona ma’naviy makon tushunchasi mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA