Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifatparvar yurtdoshimizning ayanchli qismati
11:02 / 2025-08-25

31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni

Mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridanoq ma’naviy hayotimizda yangi davr boshlandi. O‘zlikni anglash, tarixiy haqiqat va adolatni tiklash, millat ma’naviyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Eng avvalo, erk va ozodlik yo‘lida, Vatan tinchligi yo‘lida jonini fido qilgan, qahramonlik ko‘rsatgan vatandoshlarimiz nomini oqlash va xotirasini abadiylashtirishga e’tibor qaratildi.  

Ayniqsa, so‘nggi yillarda jadidchilik namoyandalarining qizg‘in va otashin faoliyatini o‘rganish, tadqiq etish hamda ularning nomini oqlash borasida qator ijobiy ishlar qilindi. Nomi ro‘yxatlardan o‘chirilgan, hayotining so‘nggi onlarini qamoqxonalarda, surgunlikda ayanchli holda o‘tkazgan yurtdoshlarimizdan ko‘pchiligining nomi tiklandi, oqlandi.  

Ularning Vatan va millat oldidagi beqiyos xizmatlari, ma’rifatparvarlik g‘oyalari va harakati, mardligi yosh avlod vakillariga namuna sifatida namoyon etilmoqda. Bugungi tinch va osoyishta, farovon hayotga osonlik bilan yetib kelinmagani, ajdodlarimizning fidoyiligiyu vatanparvarligining natijasi ekani tushuntirilmoqda.      

Xalqning ma’rifatli bo‘lishi yo‘lida o‘zini ayamagan jadidlardan biri, samarqandlik ma’rifatparvar Sayid Rizo Alizoda hayoti va faoliyati, ijodi, uning boshiga tushgan kulfatlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi kichik ilmiy xodimi Yunus Safarov quyidagilarni qayd etdi:

— Qadimiy Samarqand shahri XX asr boshlarida ham jadidchilikning asosiy katta madaniy markazlaridan biri edi. Bu yerda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin, Ajziy, Vadud Mahmud, Ismoilzoda, Sadriddin Ayniy kabi o‘z davrining yirik jadid va adabiyot namoyandalari faoliyat ko‘rsatgan. Ular orasida Sayid Rizo Alizoda ham bo‘lib, u 1887 yilda Samarqandning Bog‘ishamol mahallasida Mirmaxsum kosib oilasida dunyoga kelgan.  

Sayid Rizo Alizoda dastlab Abulqosim Al-Ganjiy maktabida o‘qiydi. Keyinchalik shu maktabda o‘qituvchi va mudir bo‘lib ishlaydi. 1906 yilda Mingtut mahallasida o‘zi “Maktabi islomiya”ni ochadi. Sayid Rizo Alizoda bir vaqtda ham pedagogik, ham jurnalistik faoliyat olib borgan. Bunda uning atrofidagi o‘z davrining yetuk olimlari va jadid taraqqiyparvarlarining ta’siri kattadir. Ayniqsa, “Oyna” jurnali, “Samarqand” gazetalarining tashkil etilishi va faoliyatida Saidrizo Alizoda ham faol qatnashadi.  

Samarqand taraqqiyparvarlari o‘z chiqishlarida tanqidchilikka alohida e’tibor qaratgan. Ularning “Mashrab”, “Tayoq”, “Mulla Mushfiqiy” kabi jurnallarda chiquvchi maqolalaridan mustamlakachi sovet hukumati, mahalliy amaldorlar, din peshvolari va boylar qattiq cho‘chib turgan. Chunki ushbu jurnallarda chiquvchi fel’eton va hajviy she’rlar o‘z davridagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muhitni qattiq tanqid qilishi bilan ham ajralib turgan.  

Sayid Rizo Alizoda ham o‘zining “Shapaloq” turkumidagi maqolalari bilan, satirik she’rlari bilan jamiyatdagi adolatsizlik va chirkin illatlarni tanqid qiladi. Sayid Rizo Alizoda uchun jadid ma’rifatparvari sifatida jamiyatdagi bu kabi holatlarni ko‘rish va ular bilan birga zamondosh bo‘lib yashash og‘ir edi. Mahalliy sotqin ayrim amaldorlar chor ma’murlari va bolsheviklar bilan kelishib, o‘z xalqini toptashda davom etar edilar. Sayid Rizo Alizoda bu ishlarga jimgina qo‘l qovushtirib qarab o‘tirmaydi. U matbuot juda kuchli qurol ekanini bilgan holda, gazeta va jurnallarda tanqidiy maqolalar chop etadi.  

1917 yil oktyabr inqilobidan keyin hamma ma’rifatparvarlar qatori Sayid Rizo Alizoda ham dastlab bolsheviklarga katta ishonch bilan qaraydi. Jadidlar va boshqa siyosiy rahnamolar tomonidan 1917 yil 28 noyabrda Turkiston Muxtoriyati tuzildi. Cho‘lpon va Fitratlar ushbu davlatning tashkil topishiga atab otashin she’rlar va maqolalar chop etdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, yangi hokimiyatning va’dalari yolg‘on, xomxayol ekani ma’lum bo‘ldi. Bolsheviklar hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun so‘z va matbuot erkinligini senzuraga oldi. Yangi tashkil topgan har bir matbuot, ayniqsa, u jadidchilik bilan bog‘liq bo‘lsa, yopib tashlandi.

Ammo Samarqand jadidlari Behbudiy, Shakuriy, Ajziy, Hoji Muin va Sayid Rizo Alizoda va boshqalar har xil nomlar bilan nashrlarni qayta chiqaraverdilar. “Kambag‘allar o‘qi”, “Kambag‘allar tovushi” va “Zarafshon” gazetalari bunga misol bo‘la oladi.

Sayid Rizo Alizoda qachon nohaqliklarni ko‘rsa, albatta, uni qalamga olar va matbuotda hech bir mubolag‘asiz chop etar edi. Turli ta’qiblar Sayid Rizo Alizodani aslo cho‘chitolmadi. Aksincha, yanada serg‘ayrat bo‘lib, ezgu ishlar qilishga, ma’rifatni yuksaltirish yo‘lida harakat qilishga undar edi. Behbudiy Sayid Rizo Alizodani 1913 yil avgustda “Oyna” jurnaliga ma’sul kotib etib tayinlaganda, u endi 26 yoshni qarshi olgan edi.  

1917 yilga qadar kim agar matbuotda davlat siyosati va o‘lkadagi og‘ir ahvol haqida fikr yuritsa, albatta, jazolangan. Matbuot faqatgina mustamlakachi hukumat, mulkdor va boylar foydasiga yozilgan yolg‘on matbuot edi. Barcha taraqqiyparvarlar 1917 yil oktyabr inqilobini juda katta umid va xursandchilik bilan qarshi olgan edilar. Biroq bolsheviklar avvalgidan ham qattiqroq adolatsiz jamiyat sari qadam tashladi. Bolsheviklar va mahalliy qaram ikki davlat (Xiva va Buxoro amirligi)dagi ayrim rahbarlar til biriktirgan holda zimdan, gohida ochiqchasiga endigina kurtak otib kelayotgan jadidchilarga qarshi kurash boshladi. Jadid ma’rifatparvarlari ortidan doimiy kuzatuv yo‘lga qo‘yildi. Har bir ma’rifatparvar ortidan xufiyalar soyadek ergashib, tinimsiz ravishda ular haqidagi ma’lumotlarni mustamlakachilarga yetkazib turgan.  

Natijada XX asrning 30 yillarida xalqimizning ziyoli qatlami bosqichma-bosqich qatag‘on etib yo‘q qilindi. Sayid Rizo Alizoda ham 1938 yil 3 fevralda qamoqqa olindi. U qamoqda shafqatsiz, noinsoniy azoblar domida shunday satrlarni bitgan edi: “Shoshilinglar. Balki ishim maxsus yig‘ilishda ko‘rilar, lekin hech qanday umid yo‘qligi aniq. Baribir ish (muddat) berishlari tayin, shoshilsanglar biroz muddat kamroq berilar. Kim maxsus yig‘ilishdan o‘tgan bo‘lsa, 3 yildan 8 yilgacha olgan. Balki meni shimolga yuborishar, u yerda vafot etsam, boshqa ko‘rishmasmiz, unda jannatda ko‘rishamiz”.

Bu satrlardan jadid olimining hayotdan deyarli umidi so‘nganini ko‘rish mumkin. Sayid Rizo Alizoda 1945 yil 24 fevralda qamoqxonadagi 8 yillik azob-uqubatlar oqibatida vafot etdi. U 1959 yilda oqlandi.  

Afsuski, shunday jadid harakati asoschilaridan birining nomi ko‘p yillar davomida unutilib kelingan hamda ro‘yxatlarda bo‘lmagan. Uning ilmiy merosi XX asr so‘ngida o‘rganila boshlandi. Sayid Rizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizodaning 50 yil davomida olib borgan izlanishlari natijasida qabri Samarqandga olib kelindi, uy muzeylari tashkil etilgan.

O‘zA muxbiri

Muhtarama Komilova yozib oldi.