Ma’rifatparvar shoir bobokalonimiz Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor ijodida jamiyatdagi kamchiliklarga, illatlarga murosasizlik, yangilikka intiluvchanlik, so‘z qudrati va mas’uliyatini teran his etish yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tashabbusi bilan o‘zbek shoiri va mutafakkiri, o‘zbek demokratik adabiyoti asoschilaridan biri Muqimiy tavalludining 175 yilligi va O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon, o‘zbek adabiyotining yorqin namoyondasi Abdulla Qahhor tavalludining 118 yilligi munosabati bilan katta adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Adabiy tadbirga ijodkor ziyolilar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, so‘z san’ati muxlislari taklif qilindi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshaboyev, Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Farida Afro‘z milliy adabiyotimizning yoshlar tarbiyasi va ma’naviyatida tutgan ahamiyati xususida batafsil so‘zladi.
Muqimiy va Abdulla Qahhorning o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, tilimizni boyitishdagi ulkan xizmatlari, asarlarining bugungi kunda ham yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Muqimiyshunoslar” to‘garagi a’zolari Muqimiy va Abdulla Qahhor hayoti va ijodi haqida, yozuvchilarning adabiyotga qo‘shgan hissasi haqida gapirdi. Ijodkorlarning asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Muqimiy va Abdulla Qahhor xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan maxsus ko‘krak nishoni va stipendiya joriy qilingan.
Tadbirda universitetning adabiyotga mehri baland bir guruh izlanuvchan talaba-yoshlariga ushbu mukofotlar topshirildi.
Tadbir yoshlarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yana bir bor namoyon etdi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri