O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB O‘ZBEKISTON-2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida taniqli davlat arbobi Mustafo Cho‘qayning 2025 yili Istanbul shahrida o‘zbek tilida chop etilgan “Sovet Ittifoqining Turk dunyosi siyosati” (Fransuzcha maqolalaridan saylanmalar, 2025) kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun izchil kurashgan ma’rifatparvar, taniqli davlat va jamoat arbobi Mustafo Cho‘qay o‘g‘li 1890 yil Turkistondagi Avliyotarang‘il qishlog‘ida tavallud topgan.
Dastlabki ma’lumotni Oqmachit va Toshkentda olgan. Sankt-Peterburg universitetining huquq fakultetini tamomlab, Davlat Dumasining musulmonlar fraksiyasida kotib bo‘lib ishlagan.

Mustafo Cho‘qay boshlang‘ich ma’lumotni Oqmachitda olgach, Toshkentdagi rus gimnaziyasida o‘qiydi, Peterburg universitetining huquq fakultetini tugatadi.
Turkiston o‘lkasi musulmonlari Markaziy Sho‘rosi raisi, “Birlik tug‘i” gazetasi muharriri, Turkiston muxtoriyati hukumatining tashqi ishlar vaziri, bosh vazir lavozimida ishlaydi.
Mustafo Cho‘qay 1929 yildan boshlab Turkiston Milliy birligi markaziy qo‘mitasining raisi bo‘ldi. Parij va Berlinda o‘zbek tilida “Yosh Turkiston” jurnaliga muharrirlik qildi.

Ijodkor rus, o‘zbek, qozoq, turk, fransuz, ingliz, nemis, polyak tillarida Turkistonning XX asr tarixiga oid ko‘plab maqolalar, kitoblar yozdi. O‘zbek tilida yaratilgan “1917 yil, xotira parchalari” kitobi unga shuhrat keltirdi. Bu kitob “Istiqlol jallodlari” nomi bilan ham tanish.
Tadbirda Mustafo Cho‘qay ijodi, uning asarlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA