Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifatparvar ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni
15:35 / 2024-02-05

Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida “Ma’rifatparvar ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi.

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida tashkil etildi. 

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Bunyodbek Mamayusupov yangilanayotgan O‘zbekistonimizda xotin-qizlar manfaatlarini himoyalash, gender tengligini ta’minlash, ayollarni kuchli ijtimoiy himoyalash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. 

Mamlakatimiz milliy qonunchiligi ayollar bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, ularga barham berishda yangicha yondashuvga asos soldi. Sohada olib borilayotgan islohotlar jarayonlarida xotin-qizlarning faolligi ortishida, ularda Vatan taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘usining tobora kuchayishida asosiy omil bo‘lmoqda. 

– Diyorimizda Anbar otin, Nodirabegim, Uvaysiy kabi ma’rifatparvar ayollar samarali ijod qilganlar, – dedi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozima Muratova. – Universitetimizda mana to‘rt yildirki, Mahmudxo‘ja Behbudiyning jadidchilik harakati rivojidagi beqiyos xizmatlariga oid ilmiy anjuman o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Shu bilan birga jadidchilikda ayollarning o‘rniga bag‘ishlangan tadqiqotlar, konferensiyalar ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda. 

– Keyingi yillarda Kinematografiya agentligi tomonidan ishlangan filmlarda taraqqiyot sari intilgan, yurt ravnaqiga hissa qo‘shgan ayollar mavzusi ustuvor o‘rin egallamoqda, – dedi O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov. – Bu filmlarda ayollarning jasoratini, matonatini, qat’iyatini aks ettirishga katta e’tibor qaratilmoqda. “Ilhaq”, “Muhabbat bahori”, “Said va Saida”, “Issiq non”, “O‘zbek qizi” kabi filmlar shular jumlasidandir. 

– Milliy adabiyotimizda, matbuotimiz rivojida taraqqiyparvar, ma’rifatparvar ayollarning o‘rni va hissasi g‘oyat ulkan bo‘lgan, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid.– Bugun yoshlar ma’naviyati uchun jiddiy kurash ketayotgan bir paytda olima ayollar, tarixchilar, Zulfiyaxonim qizlari ishtirokida adabiy, ilmiy anjumanlarni uyushmada hamda kutubxonalar, ijod maktablarida o‘tkazishni rejalashtirganmiz. 

– Turkiston jadidchilik harakati rivojiga ayollar ham faol hissa qo‘shganlar, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova. – Arxiv hujjatlarini o‘rganish natijasida jadid ayollariga oid ko‘plab ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldik. Yangi maktablarda bu ayollar alohida sinf tashkil etib, qizlar uchun saboq berganlar. Ular ta’lim, tibbiyot, matbuot sohasi rivojida o‘ziga xos fidoyilik, jonbozlik ko‘rsatganlar. Bunday shijoatli ayollar mamlakatimizning barcha hududlarida samarali faoliyat ko‘rsatgani diqqatga sazovordir. Nozimaxonim, Ra’noxonim, Xayriniso Majidova, Maryam Sultonmurodova, Tojiyaxonim, Soliyaxon Abduxoliq qizi, Matluba Muhammedova, Layloxonim va boshqa yana ko‘plab ayollar shular jumlasidandir. Ular mustamlaka tuzumga qarshi chiqqanlar. Yurtni ozod, mustaqil, rivojlangan ko‘rish istagidagi jadid ayollarimizning faoliyati bugungi yoshlar uchun ham ibrat maktabidir. Ular haqida kitoblar, maqolalar, badiiy va hujjatli filmlar tobora ko‘proq yaratilsa, ayni muddaodir. 

Seminarda O‘zbekiston Respublikasida ma’rifatparvar ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini ta’minlash, ularning ilmiy va amaliy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, Turkiston jadid ayollarining taraqqiyparvarlik harakati va boshqa tegishli mavzularda ma’ruzalar muhokama etildi. 

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri