Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifatparvar ayollarning ibratli hayot yo‘li
12:06 / 2023-05-01

Hayotning pastu balandini bosib o‘tgan nuroniylar tajribasi, o‘giti yoshlar uchun chinakam ibrat maktabidir. Shu maqsadda joylarda o‘tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvlari” yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undamoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri akademik To‘ra Mirzayev nomidagi Buxoro viloyati Shofirkon tumani axborot-kutubxona markazida “Ma’rifatparvar ayollarning ibratli hayot yo‘li” mavzusida o‘tkazildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir-yozuvchilar, ijodkor yoshlar, “Buvijonlar maktabi” a’zolari, axborot-kutubxona markazi xodimlari, tadbir mehmoni, mehnat faxriysi – 90 yoshli Baxshanda ayaning qarindoshlari ishtirok etdi. Muloqot davomida inson umrining mohiyati, ezgu intilishlari samarasi, o‘zbek oilasining muqaddas qadriyatlari yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatildi. 

Hozirda 25 nevara, 50 dan ortiq evara, 3 nafar chevaraning buvisi, nuroniy onaxon Baxshanda ayaning o‘g‘il-qizlari, kelinlari, nevaralari bugungi imkoniyatlar va sharoitlarga shukronalar bildirdi. Aya haqidagi ibratli voqealarni so‘zlab berishdi.

Baxshanda aya o‘zining hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat, nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi.

Tadbirda jamoatchilik vakillari inson matonati buyuk ishlarga qodirligini, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan Baxshanda aya kabi fidoyilar ibratli hayoti yosh avlod tarbiyasida, maqsadlarini belgilab olishida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ustoz shoir Omon Abdullaning onalarga atalgan bitiklari, tumandagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlari tomonidan ijro etilgan she’r, qo‘shiq va sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.  

Dilorom G‘afforova,  

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi  

Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari.  

O‘zA