Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligi
Buyuk ma’rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi.Uning otasi islom huquqshunosligi bo‘yicha yirik mutaxassis bo‘lib, bu borada ko‘plab kitob va risolalar yaratgan edi. Bu, o‘z navbatida, Mahmudxo‘jaga o‘z ta’sirini o‘tkazmay iloji yo‘q edi. Keyinchalik bu haqda u o‘z maqolalaridan birida otasi ta’lim bergan «Hidoya» (Islom huquqiga sharhlar) asarining uning taqdirida muhim rol o‘ynaganligini bejiz qayd etmaydi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. Ro‘znoma va oynomalardan jahonda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib boradi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o‘rganishga kirishib, islom tarixi va nazariyasi bilan shug‘ullana boshlaydi. 1902 yilda Makkaga borib, xo‘ja va mufti unvonlariga ega bo‘lib qaytadi. So‘ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo‘lib, Ovro‘po madaniyati bilan ham qiziqadi. O‘sha davrdagi Qozon, Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi jarida va ro‘znomalar bilan hamkorlik qiladi. Uning qator maqolalari ham mazkur ro‘znoma va oynomalarda chiqa boshlaydi. Maktab, maorif, madaniyat, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining targ‘iboti ushbu maqolalarning markazida turardi.
Behbudiy dunyoqarashida Rossiyadagi eng nufuzli bo‘lgan Kadetlar partiyasining a’zolari bilan uchrashuv va ular harakatnomalarining ta’siri katta bo‘ladi. 1910 yillarga kelib, o‘lkamizda «Sho‘roi Islomiya», «Ulamo», «Adolat», «Yosh buxoroliklar» kabi firqalar paydo bo‘ladi. 1912-1913 yillarda Behbudiy Samarqandda «Samarqand» ro‘znomasi, «Oyna» jaridasi chiqishida jonbozlik ko‘rsatadi. U 1914 yilda Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari keltiradi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq u turli to‘siqlarga uchrab, «jadidchilik» rahnamosi, dahriy deb e’lon qilinadi. Shunga qaramay, tatar mutafakkiri Ismoil Gaspiralining ma’rifatchilik borasidagi ta’limotini qo‘llab-quvvatlab, o‘z o‘lkasida ham shunday ishlarni amalga oshirishga kirishadi, ko‘p o‘tmay ma’rifatparvar sifatida o‘z xalqi hurmatiga erishadi. U bir qator jahon tillarini bilgan yuksak madaniyat sohibi bo‘lishi bilan birga, umuminsoniy madaniyatning tolmas targ‘ibotchisi ham bo‘lgan.
Behbudiy adib sifatida o‘zining «Padarkush» dramasini yaratgan. Unda turkistonlik yoshlarni Ovro‘po ilmgohlarida o‘qitishni targ‘ib qilgan. Mazkur asar o‘z davrida A. Qodiriyning «Baxtsiz kuyov», Mirmuhsin Fikriyning «Befarzand Ochildiboy», Hamza Hakimzodaning «Yangi saodat» kabi asarlarining yaratilishiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Hatto drama Amerikaning Kaliforniya dorilfununida tarjima ham qilingan.
Bundan tashqari, Behbudiy o‘zbek va tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Jumladan, «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» (1903 yil, «Qisqacha umumiy jug‘rofiya»), «Kitobul atfol» (1904 yil, «Bolalar uchun kitob»), «Muxtasari tarixi islom» (1904 yil, «Islom qisqacha tarixi»), «Amaliyoti islom» (1905 yil), «Rossiyaning qisqacha geografiyasi» (1908 yil) kabi darsliklar, kitoblar yozgan. Uning maqolalari 1901 yildan boshlab «Turkiston viloyatining gazeti», «Taraqqiy», «Hurshid», «Shuhrat», «Tujjor», «Osiyo», «Hurriyat», «Turon», «Sadoi Turkiston», «Ulug‘ Turkiston», «Najot», «Mehnatkashlar tovushi», «Tirik so‘z», «Tarjimon», «Sho‘ro», «Vaqt», «Toza hayot», «Samarqand», «Oyina» kabi ro‘znoma va oynomalarda chop etilgan.
Albatta, Behbudiy qozonayotgan bunday shuhrat hokim sinflar va amaldorlarning g‘ashiga tega boshlaydi. U Buxorodagi inqilobiy kuchlarga xayrixohlikda ayblanib, Said Olimxon tomonidan 1918 yilda Qarshida qatl qilinadi. Qarshi shahri 20-30 yillarda Behbudiy nomi bilan atalgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy 1956 yilga kelib oqlanadi.
Xullas, S. Ayniy yozganidek: «Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida o‘zining ongi va insoniy qadru qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma’rifat uchun kurashga chorlab keldi».
O‘zA