English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalar bilan yuksaltirish taraqqiyotga asos bo‘ladi
09:22 / 2026-03-03

.

Munosabat

Mamlakatimizda xotin-qizlar masalasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi, qonuniy manfaatlari himoyalanishi jamiyat taraqqiyotining rivojlanishi uchun asosiy omil sanaladi.

So‘nggi sakkiz yillikni sarhisob etar ekanmiz, bu borada ishlab chiqilgan 100 dan ortiq normativ huquqiy hujjatlar hamda yangilangan Konstitutsiyamizning asosiy mazmun-mohiyatida ham inson qadri mujassamligini e’tirof etishimiz joiz.

Bugun mamlakatimizda boshqaruv sohasida xotin-qizlar ulushi 35 foizga yetgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etadi.

Ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtiroki kuchaytirilishi, xotin-qizlarimiz madaniyat va sport masalalarida yuqori natijalarga erishayotganligi Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda.

Oilada va jamiyatda qizlarning bilimli va o‘qimishli bo‘lishlari uchun avvalo qo‘llab-quvvatlov muhim. Bu yo‘lda “Ayollarga ilm berish – jamiyatni ilmli, ma’rifatli va salohiyatli qilish” tamoyili chuqur ma’no kasb etadi. Darhaqiqat, yurtimizda xotin-qizlar uchun imkoniyatlar eshigi ochiq. Ularning bilim olishlari uchun maxsus kvotalar ajratilgan, shartnoma to‘lovlari Davlat byudjetidan qoplab berilmoqda, imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda. Bu imkoniyatlar o‘z navbatida qizlarimizda ilm-fanning yuqori cho‘qqilarini egallash va hayotda o‘z o‘rinini topishi uchun muhim. Oliy ta’lim muassasalarida hozirda ta’lim olayotgan talabalarning 54 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Bitta qizni o‘qitsak, butun oilaga ta’lim bergan bo‘lamiz. Agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi”.

Bu borada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ham tizimli targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari bosqichma-bosqich o‘tkazib kelinmoqda.

 “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir” shiori ostidagi haftalik doirasida “Ayollarni e’zozlash oyligi”, hududlarimizda 120 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlarga 11 mingdan ortiq xotin-qiz qamrab olindi.

“Ayollarni e’zozlash oyligi”dagi “Ayol ma’rifati”, “Onalar – bashariyat tarbiyachilari”, “Millatni uyg‘otmoq – ma’rifatli onalar ishidir”, “Biz birlashib O‘zbekiston bo‘lamiz” loyihalari doirasida barcha hududlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shu o‘rinda ayollarning bilimli, yetuk salohiyatli bo‘lishida targ‘ibot va tashviqot ishlari muhim rol o‘ynashi tabiiy hol, albatta.

Zero, har qanday xalqning ma’naviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining ma’naviy saviyasi belgilaydi. Ma’rifatparvar bobolarimiz “Ayol yuksalsa – yuksalur bashariyat”, deb bejiz aytishmagan.

Bu ko‘hna tarix To‘maris, Saroymulkxonim, Nodirabegim, Gulbadanbegim, Uvaysiy, Dilshod otin, Anbar otin, Zulfiya singari yuzlab mo‘’tabar ayollarimizning millat sha’ni, or-nomusini saqlash yo‘lidagi jasoratlariga guvohdir. Momolarimizga xos bo‘lgan noyob fazilatlar zamonamiz ayollari siymosida ham davom etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston rivojida xotin-qizlarning rolini oshirish, Uchinchi renessans poydevorida salohiyat egalariga tayanish, ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalar bilan yuksaltirish maqsadlari taraqqiyotga asos bo‘lib boradi. 

Pardaxol NORQOBILOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.

O‘zA