Urganch davlat pedagogika institutida Xorazm viloyati "Ma’rifatli ayollar" kengashining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oila va gender instituti, “Oqila ayollar” harakati vakillari, viloyatning ijod va ilm-fan, madaniyat yo‘lidagi fidoyi, faol va yetakchi ayollari, olimalar, yosh tadqiqotchilar va ijodkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari Nigora Kutlimurodova, UrDPI rektori Feruza Madrahimova, Oila va xotin qizlar qo‘mitasi "Ilm nuri" jamiyati rahbari Dilbar Alimjonova, “Yangi O‘zbekiston” universiteti prorektori Hilola Nazirova so‘zga chiqib, har qanday jamiyatda ayolning oila va oiladan tashqaridagi mavqei, hayotdan roziligi bevosita jamiyatning munosabati, ijtimoiy faolligini ta’minlay olishi bilan belgilanishini ta’kidladi.

– Mamlakatimizda ayol rektorlar unchalik ko‘p emas, – deydi “Yangi O‘zbekiston” universiteti prorektori Hilola Nazirova. – Prezidentimizning “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz – butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz” degan da’vatlarida ayni ezgu maqsad o‘z ifodasini topgan. Zotan, mamlakatimiz rahbari xotin-qizlarni oliy ta’limga jalb etish, bu borada ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga e’tibor qaratib, ayolni o‘qitish jamiyatni, oilani ma’rifatli qilish barobarida yangi Renessansning birinchi sharti, deya e’tirof etadi. Joriy yilda 250 ming nafar qiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshiradi, degan rejamiz bor. Chunki, ayolga ehtirom – millat va davlatning o‘z kelajagi, ertangi kuniga munosabatining ko‘zgusi. Jaholat har doim jaholatga, ma’rifat esa taraqqiyotga turtki bergan.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savolllarga javoblar olishdi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri