Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan isloh etish borasida olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va ularning samarasi ertamiz egalarining erishayotgan ulkan natijalarida o‘z ifodasini topayotganligi e’tirofga munosib. Jumladan, bu sohaga hukumat g‘amxo‘rligidan tortib saxovatli insonlarning ham hissa qo‘shishga chog‘lanayotgani har qanday tahsinga loyiq.
Ayni paytda 2 ming 135 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan maktabning sobiq bitiruvchisi, “Aisha home textile” kompaniyasi direktori Jobirxon Kamoliddinovning ko‘rsatgan saxovati Namangandan chiqib, butun respublikaga taraldi. Tadbirkor homiyligida 944 o‘rinli o‘quv binosi mukammal ta’mirlandi, 100 o‘rinli faollar va sport zali rekonstruksiya qilindi, 150 o‘rinli oshxona foydalanishga topshirildi. O‘quvchi quvvati 1 ming 264 o‘rin bo‘lib, ta’mirlash ishlaridan so‘ng viloyat notarial arxivi binosi negizida qo‘shimcha 320 o‘rin hozirlandi hamda 1 ming 584 o‘ringa keltirildi. Ushbu maqsadlarga tadbirkorning 15 milliard so‘m mablag‘i yo‘naltirildi.

Mazkur maktabga Namangan shahridagi Alpomish, Zarkent va Sardoba mahallaridan 2 ming 125 o‘quvchi boradi. Ulardan 220 nafari bu yil ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ydi. E’tiborlisi, jajjilar uchun tadbirkor tashabbusi bilan bepul tushliklar tashkil etiladigan bo‘ldi.
Yangi qiyofa kasb etgan zamonaviy ilmgohdan o‘quvchilar va ustoz muallimlar katta xursandchilik va minnatdorlik bilan foydalanmoqdalar. Ayniqsa, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi asosida maktabda inklyuziv sinflar va korreksion xonalarning tashkil etilishi imkoniyati cheklangan bolalar uchun katta qulaylik yaratdi.

Qolaversa, birga, maktabning kirish qismida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtoturargohda alohida joy ajratildi. Zaif ko‘ruvchi o‘quvchilar uchun tashqi va ichki yo‘laklar kontrast chiziqlar bilan jihozlandi, eshiklar atrofiga maxsus lentalar o‘rnatildi.
Binoga kirish qismida panduslar ikki tomonlama tutqichlari bilan barpo etildi. Sanitariya-gigiyena xonalarida esa nogironligi bo‘lganlar uchun alohida xon ajratilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Shu kabi qulayliklar bolalarning quvonchini oshirib, ularning samarali ta’lim olishiga xizmat qilmoqda.

Yurtimizning fidoyi farzandi, ma’rifatga oshufta, saxovatli tadbirkorning milliy ta’lim rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi munosib qadrlanib, 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlat mukofoti – “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. “Aisha home textile” kompaniyasi ta’sischisi Jobirxon Kamoliddinovga mukofotni shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taqdim etganligi qahramonimiz uchun unutilmas voqea bo‘ldi.

Jobirxon Kamoliddinov nafaqat tadbirkorlik sohasida, balki jamiyat taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirayotgan xayrli ishlari bilan ham tanilgan. Ayni vaqtda u Namanganda 1000 o‘rinli zamonaviy maktab qurish ishlarini olib bormoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.