Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifatga bag‘ishlangan umr
21:37 / 2026-02-21

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrining Navro‘zobod mahallasida istiqomat qiluvchi Abduqul Mamatov va Bonu Mamatova xonadoni bugun nafaqat mahalla, balki butun hudud ahli uchun ma’naviyat maskaniga aylangan.

Ularning uyi oddiy xonadon emas, balki XVI–XVIII asrlarga oid osori-atiqalar, nodir qo‘lyozmalar va minglab kitoblar jamlangan haqiqiy uy-muzeyiga aylanib ulgurgan.

Mamatovlar xonadonida XVI, XVII, XVIII asrlarga oid turli tarixiy buyumlar, qo‘lyozma manbalar, o‘zbek, tojik, fors va rus tillaridagi 2500 dan ziyod kitoblar saqlanadi. Bu yerga tashrif buyurgan kishi nafaqat eksponatlarni tomosha qiladi, balki ularni mutolaa qilish imkoniga ham ega bo‘ladi. Uy muzeyidan joy olgan noyob eksponatlar orasida o‘zbek va jahon boksi afsonalaridan biri, “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan mashhur bo‘lgan Rufat Risqiyev tomonidan taqdim etilgan boks qo‘lqopi alohida e’tiborga molik. Shuningdek, bu yerda bir paytlar hududda faoliyat yuritgan keramika zavodida ishlab chiqarilgan, birinchi kosmonavt, Sovet Ittifoqi Qahramoni Yuriy Gagarin dastxati tushirilgan keramika quvur ham saqlanmoqda. Turli davrlarga oid suratlar, o‘lkamizning go‘zal tabiatini aks ettirgan rangtasvir asarlari muzeyga yanada ko‘rk bag‘ishlagan.

Besh yil muqaddam umra ziyorati uchun yig‘ilgan mablag‘ni Abduqul aka va Bonu opa mamlakatimiz rahbari ilgari surgan besh muhim tashabbus doirasidagi ishlarga yo‘naltirishga qaror qildi. Ular o‘z xonadonida yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish maqsadida kutubxona va turli to‘garaklar tashkil etdi. Bonu Mamatovaning aytishicha, xonadoniga tashrif buyurgan har bir insonga muzeydagi eksponatlar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot beriladi. Bu ishlardan nafaqat oila a’zolari, balki mahalla yoshlari ham manfaat ko‘rmoqda. Farzandlar esa “muzeyi bor xonadon” da ulg‘ayayotganidan faxrlanishadi.

Bonu opa o‘zbek va tojik xalqlarining yuz-ikki yuz yillik tarixiga ega kashta, zardevor va so‘zana kabi hunarmandchilik namunalarini jamlab, uyning yashash xonalarini ham qadimiy an’analar ruhi bilan bezagan. Bu buyumlar xonadonga milliy ruh, tarixiy xotira va estetik nafosat bag‘ishlab turibdi.

Kuni kecha ushbu xonadonda buyuk mutafakkirlar — Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari To‘xtamish Boqiyev, Munavvar Pardayev, Nodira Do‘stmatova va boshqa ijodkorlar ishtirok etishdi. Suhbatlar davomida Navoiy va Bobur hayoti, ijodi, ularning adabiy va ma’rifiy merosi haqida mazmunli fikr-mulohazalar bildirildi.

Asli kasbi haydovchi bo‘lgan Abduqul aka va kutubxonachi Bonu opa Navoiy va Bobur ijodining chin muxlislaridir. Ular har yili allomalar tavalludi munosabati bilan turli ma’rifiy kechalar o‘tkazib kelishadi. Xonadonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, hokimliklar, turli tashkilotlar va yurtimizning o‘nlab taniqli ijodkorlari tomonidan tuhfa qilingan kitoblar ham alohida joy olgan.

Mamatovlar xonadonida yiliga bir necha bor Xovos tumanining Karvonsaroy mahallasida yashovchi Doniyor Asadovlar oilasida saqlanayotgan tarixiy, qo‘sh qavatli yog‘och laganda osh suzish an’anaga aylangan. Rivoyatlarga ko‘ra, bu laganda bir vaqtlar Zahiriddin Muhammad Bobur osh yegan. Lagan yong‘oq daraxtidan qo‘sh qavat qilib ishlangan bo‘lib, unga suzilgan osh uzoq vaqt issiqligini saqlaydi. Shuningdek, guruch donalari dasturxonga to‘kilib, uvol bo‘lmasligi uchun ham qulay tarzda yasalgan. Lagan ichiga o‘yib yozilgan qadimiy yozuvlar yillar davomida osh suzilishi tufayli o‘qib bo‘lmas holga kelgani ham uning qanchalik ko‘p yillik tarixga ega ekanidan dalolat beradi.

Ushbu oilaning xayrli tashabbuslari davlatimiz e’tiboridan chetda qolmagan. 2023-yilda Abduqul Mamatov “Sirdaryo viloyatining 60 yilligi”, Bonu Mamatova esa “Mo‘’tabar ayol”, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Ular “Eng ibratli oila”, “Eng ibratli xonadon” tanlovlarining g‘oliblari ham bo‘lishgan.

– Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirmoqchimiz, – deydi Abduqul Mamatov. – Mablag‘ ham, imkoniyat ham bor. Muhimi, xalqimizga, tariximiz va ma’naviyatimizga xizmat qilish, kelgusi avlod uchun boy ma’naviy meros qoldirishdir.

Haqiqatan ham, Yangiyerdagi bu “muzeyi bor xonadon” — o‘tmish va bugunni bog‘lab turuvchi, yoshlar qalbida tarix va adabiyotga muhabbat uyg‘otuvchi noyob ma’rifat o‘chog‘iga aylangan.

G‘ulom Primov, O‘zA