Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifatchilar safari - ma’naviyat zafari
18:47 / 2022-05-08

Ulug‘ maqsadlar sari talpingan xalqning ruhiyati tetik, kayfiyati ko‘tarinki bo‘lishi tabiiy.

Joriy yil 21-22 aprel kunlari Davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatiga safari ayricha mazmun-mohiyat kasb etdi.  

Safarning ilk kuni yangi tuman - Ko‘kdaladan boshlangani, Chiroqchi, Qarshi, Kasbi, Koson va G‘uzor tumanlarida bo‘lish va xalq bilan muloqotlar davlat rahbarining mahalliy aholiga bo‘lgan mehrini ifoda etsa, ma’naviyat va ma’rifat ahli, teatr va kino san’ati ijodkorlarining o‘z san’atini namoyish etish uchun safarbar etilishi xuddi shu mehrning muhri bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi.

"Afrosiyob" poyezdi orqali Qashqadaryoga yo‘l olgan, 300 ga yaqin bir guruh taniqli va tajribali ziyolilardan tarkib topgan "Ma’rifat karvoni" ham davlatimiz rahbarining istaklari va izhori ifodasi o‘rnida katta ahamiyat kasb etgani rost. Yozuvchi, shoir, olim, teatr va kino ijodkorlari, bir so‘z bilan aytganda, ma’rifat targ‘ibotchilari tushgan poyezd Qarshi shahriga tushgani hamonoq mahalliy aholining karnay-surnay sadolari bilan kutib olishlari bir olam quvonch baxsh etdi. Ma’rifatchilar safarini ma’naviyat zafariga aylanishida hamrohlik qilib kelgan Prezidentning Yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosarlari Nodirjon Xolbo‘tayev, Abdurashid Jo‘raboyev, Prezident devoni sho‘ba mudiri Nodirbek Sayfullayev, O‘zbekiston respublikasi Madaniyat vazirining o‘rinbosari Murodjon Majidov, Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqa mutasaddi rahbarlarning xizmati va tashkilotchiligi alohida e’tiborga molik.

Shu kuni Nishon tumani hokimligi oldidagi ko‘l atrofidagi maydonchada katta konsert namoyish etildi. Bu dasturda O‘zbekiston Respublikasi Davlat maslahatchisining o‘rinbosari, shoir Nodir Jonuzoq so‘zga chiqib, tashrifdan maqsad Davlatimiz rahbarining ishonchi, yerlik aholiga bo‘lgan mehrini ifoda etish va olib borilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati, yangi O‘zbekiston inson qadri ulug‘lanadigan yurt ekanini hayotiy misollar asosida tushuntirish targ‘ibotchilarning vazifasi ekanini alohida uqtirib o‘tdi.

Xuddi shu mazmun va ruh Nishon tumani hokimi Muhtorjon Hayitmurodovning chiqishida ham aks etdi. Keyin esa san’atkorlarning chiqishi, dilrabo kuy va taronalar nishonliklarning qalbiga o‘zgacha bir shukuh soldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu borada taniqli qo‘shiqchilar Azim Mullaxonov, Anvar Sobirov, Dilfuza Rahimova, Alijon Isoqov va boshqa san’atkorlarning ijrosi ko‘pchilikka ma’qul keldi. Bu zavqu shavq ertasigayoq 3 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan Qashqadaryodagi 813 ta mahalla va qishloqlar bo‘ylab tarala boshladi. Ularning kayfiyatini ko‘tarish, ruhiyatini tetik qilish bilan bog‘liq xilma-xil dasturlar e’tiborni tortmasdan qolmadi.

Ertasigayoq barcha ma’rifat targ‘ibotchilari muayyan reja va dasturlar asosida o‘zlariga tegishli bo‘lgan tumandagi mahallalarga tarqalishdi va o‘z vazifalarini sidqidildan ado etishga astoydil kirishib ketishdi.

Uchrashuvlar chog‘ida o‘zlarining nashr etilgan kitoblarini savol va javoblar orqali faol, bilimdon o‘quvchi yoshlarga dastxat yozib taqdim qilib, ularga olam-olam quvonch baxsh etishardi.

Guruh tarkibidagi O‘zbekiston xalq hofizi Beknazar Do‘stmurodov, teatr aktyori Rahmatjon Qurbonov, xushovoz xonanda Nigora Do‘stmurodova, iqtidorli shoiralardan Zilola Xo‘janiyozova, Nilufar Umarovalarning chiqishlarini aholi ayricha zavq bilan qabul qildi.

Xususan, Kasbi tumanidagi «Yuksalish», «Qoraqo‘ng‘irot», "Obod yurt", "Fazli", "Jizza", "Mesit", "Xo‘jaqarliq" mahallalarida, Xo‘jahayron, Zarqunoq, Sarigujum qishloqlarida bo‘lib mahalliy aholi bilan dildan samimiy suhbatlar tashkil etildi. Tadbirlar asnosida Sulton Mir Haydar ziyoratgohiga yo‘l olindi.

Ma’rifatchilarning safari ma’naviyat zafariga aylanarkan, yangi O‘zbekiston ulkan maqsadlar, hayotbaxsh orzu umidlarning ushaluviga imkon tug‘diruvchi yurt ekaniga shubha yo‘q.

Rahimboy JUMANIYOZOV,

TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti dotsenti