Global axborot xurujlari kuchaygan bir paytda yoshlar ongini asrash, ularni sof fikr va sog‘lom mafkura bilan qurollantirish har qachongidan dolzarb. Jizzax politexnika institutida o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tadbiri ham aynan shu ezgu maqsadga xizmat qildi.
Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari A.Mamadaliyev hamda B.Mahmudov, institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, shuningdek, oliygoh talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

Notiqlar globallashuv sharoitida yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatayotgan turli ma’naviy tahdidlar, xususan internet makonida tarqalayotgan soxta g‘oyalar, odamni aldov va psixologik ta’sir orqali ishontirishga qaratilgan axborotlar hamda bugungi kunda uchrayotgan aldovchi diniy chaqiriqlar haqida so‘z yuritishdi. Shuningdek, ular tomonidan axborot oqimi to‘lqindek yopirilib kelayotgan bu davrda har bir yoshning o‘z aql-idroki bilan oq-qorani ajrata olishi, ishonchli manba bilan shubhali manbani farq etishi hayotiy zaruratga aylanayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, ilm-ma’rifatni chuqur egallagan yoshlarning jamiyatda faol, mustaqil fikrlaydigan va mas’uliyatli shaxs sifatida shakllanishi, ma’naviy yetuk avlod esa har qanday zararli oqimlarning oldini olishda eng kuchli qalqon ekani qayd etildi.
Chunki ma’rifat – qalbda yonadigan chiroq, jaholat to‘fonida yo‘l ko‘rsatadigan ma’naviy mayoqdir.

Tadbirda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar bugungi informatsion maydonda tarqalayotgan yolg‘on ma’lumotlar, noto‘g‘ri diniy talqinlar va ekstremistik chaqiriqlar yoshlar ongiga jiddiy xavf solayotganini ta’kidlab, bunday tahdidlarga qarshi faqat to‘g‘ri bilim, tanqidiy tafakkur va ishonchli manbalar samarali qalqon bo‘la olishini uqtirdilar.

Uchrashuv davomida talabalarga ajdodlarimizning ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak munosabati, sog‘lom mafkuraning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shu bilan birga, yoshlarning mustaqil fikrlashi, ma’lumotlarni tanqidiy tahlil qilishi va to‘g‘ri xulosa chiqarish qobiliyatini rivojlantirishga oid amaliy tavsiyalar ham taqdim etildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri