O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: istiqboldagi rejalar” mavzusida xalqaro onlayn anjuman tashkil etildi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini o‘rganish, ularning ilmiy-ma’naviy merosini keng jamoatchilikka yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yorqin ifodasidir.
Aqida va kalom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda olingan natijalar asosida qomuslar, kataloglar, kitoblar va xalqchil risolalarni tayyorlash va nashr etish, islom ilmlari, xususan, kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda ushbu markazning o‘rni o‘ziga xos bo‘lmoqda. Shu bilan birga yurtimizda va xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarning kalom ilmiga oid merosini to‘plash va kelajak avlodga yetkazishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ilmiy asosda o‘rganish, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini o‘zbek xalqiga va xalqaro jamoatchilikka yetkazishga ham e’tibor berilmoqda.
Markaz faoliyatini xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilish, xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, jahonning yetuk olimlari bilan tajriba almashinuvni tashkil etish, Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi hamda moturidiylik ta’limoti asoslarini jahonga tanitish mazkur anjumanning asosiy maqsadini tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Toyyib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami xalqaro tashkiloti (ISESCO) bosh direktori Salim al-Malik, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad, Turkiyaning Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash, Ibn Xaldun universiteti prezidenti Rajab Shenturk kabi nufuzli olim, davlat va jamoat arboblari bugungi globallashuv davrida ilm-ma’rifatga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan kuchli ekanini ta’kidladi.
Tadbirda Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro jamoatchilikka targ‘ib qilish sharafli hamda mas’uliyatli vazifa ekani hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada olib borilayotgan sa’y-harakatlar yuqori baholandi.
Shuningdek, tadbirda Misr, Marokash, Iordaniya, Turkiya, Pokiston, Germaniya, Bosniya va Gersogovina, Rossiya, Afg‘oniston, Malayziya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Mavritaniya, Tunis, Hindiston, Bruney va Avstriya kabi mamlakatlardan 50 dan ziyod soha vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari qatnashdi.
Ishtirokchilar globallashuv jarayonida namoyon bo‘layotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish jarayonida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda axborot va tajriba almashinuvi, islom dini niqobi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan oqimlarning destruktiv g‘oyalari tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini tashkil etish borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasini ham muhokama qilishdi.
Anjuman so‘ngida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami xalqaro tashkiloti (ISESCO) bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun anglashuv memorondumi imzolandi.
Ayni vaqtda islom olami Imom Moturidiyning ilmiy merosini targ‘ib qiladigan shunday ilmiy markazga ehtiyoj sezayotganligi, O‘zbekiston bu sohada katta tajribaga egaligi alohida qayd etildi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi matbuot xizmati.