Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifat va taraqqiyot uchun tolmas kurashchiga aylangan Behbudiy
20:09 / 2023-12-11

Taraqqiyotning yangi bosqichida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar ma’naviyat va ma’rifat sohasini ham chetlab o‘tmadi. Xususan, yoshlar, ularning ma’naviyati, vatanparvarlik tuyg‘ulari e’tiborimizni tortishi tabiiy. Ayni yoshlar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda esa jadidchilik harakati ularning beqiyos merosini o‘rganish hayotga tatbiq etish katta ahamiyatga egadir.

Har bir millatning o‘ziga xos madaniyati, adabiyoti va matbuoti, milliy tarixi, kitoblari, shoir va adiblari bo‘ladi. Bir millatning taraqqiyoti, madaniyati qay darajada ekanligini bilmoq uchun uning adabiyoti va matbuotini bir daraja ko‘zdan kechirmoq lozim.

XX boshlarida Turkistonni maorif orqali jahon sivilizatsiyasi darajasiga ko‘tarishga harakat qilgan jadidlarimizning zamonaviy ta’limni o‘sha davr muammolarining yechimi sifatidagi ko‘rsatgan konseptual g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.  

Ayni shu ma’noda taniqli sharqshunos jadidchi olim Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlaridagi madaniyatlararo muloqot, ta’lim-tarbiya, madaniyat, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka oid yondashuvni yangi ilmiy mezonlar asosida tadqiq qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.  

Mahmudxo‘ja Behbudiy dunyoviy fanlarni isloh qilish bo‘yicha konseptual ahamiyatga ega fikrlari orqali xalq ma’rifati va madaniyatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligini uqtiradi. Bu yo‘lda turkiy xalqlarning dunyoviy fan adabiyotlari – “Risolai asbobi savod” (“Savod chiqarish kitobi”, 1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (“Aholi geografiyasiga kirish”, 1905), “Muntahabi jug‘rofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”, 1906), “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar xati”, 1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi darsliklarni chop ettiradi.

Ta’lim va tarbiyaga oid “Padarkush” drammasi (1911), “Oq yelpog‘ichli chinli xotun”, “Bir a’mo bolaning hasrati” hikoya, “Kitobat al-atfol” kabi asarlar yozadi va o‘zining “Nashriyoti Behbudiya” bosmaxonasida nashr ettiradi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning g‘oyalari ahamiyati XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda zamonaviy ta’lim taraqqiyoti rivoji uchun bugungi kunda qimmatli manba sifatida tadqiq etilmoqda.

Jadidchilik — ma’rifatparvarlikdan qudratli siyosiy harakatga qadar bo‘lgan murakkab rivojlanish yo‘lini bosib o‘tgan o‘ziga xos oqim hisoblangan. Jadidchilarning maqsadi – Turkistonning ko‘p millatli tub aholisi, ziyolilari o‘lkaning iqtisodiy, tabiiy va mehnat resurslarini ekspluatatsiya qilinishiga, ijtimoiy va milliy zulmga javoban o‘sib borayotgan milliy o‘zlikni anglash, mahalliy xalqlar turmush tarzini belgilovchi, umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish va boyitishga intilish kabi prinsipial masalalarni hal etish kerakligini ilgari surdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga murojaatnomasida jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligini munosib nishonlash haqida ta’kidlab o‘tgan edi.

O‘tgan asrning boshlarida Turkiston o‘lkasining har tomonlama mustaqilligi, aholisining ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy, iqtisodiy va huquqiy ongini yuksaltirish orqali jadal rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga ko‘tarilishini orzu qilgan va o‘z hayotini mana shu ishlarga bag‘ishlab, xalq va Vatan taraqqiyoti yo‘lida shahid bo‘lgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy nomi, hayoti va ijodi bugun davlatimiz va xalqimizning yuksak e’tiborda.  

Yurtimizda shakllangan milliy va diniy qadriyatlarni jamiyat ongiga singdirish orqali ta’lim tizimi, madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi mutafakkirlarning hayoti va ijodini o‘rganish, ilmiy merosini tadqiq etish bugungi yoshlarni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalash ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning shartlaridan biri va ustuvor vazifadir.  

Mutafakkirning xalq ozodligi, Vatan mustaqilligi yo‘lida ilgari surgan va tashkil etgan tashabbuslari uni millat ma’rifati va taraqqiyoti uchun tolmas kurashchiga aylantirgan edi.

 

A.TOLIPOV,

Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti