Bugun ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand har doimgidan gavjum. Jahon diplomatiyasi markazlaridan biriga aylanib borayotgan shahrimiz bu gal BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — UNESCO sessiyasiga mezbonlik qilmoqda.
Ushbu xalqaro anjumanning ko‘p jihatdan tarixiy deb e’tirof etilayotgani bejiz emas. So‘nggi 40 yil ichida UNESCO sessiyasi ilk bor Parijdan tashqarida, Markaziy Osiyoda esa birinchi marta tashkil qilinmoqda. Qolaversa, joriy yil tashkilotga asos solinganining 80 yilligi ushbu doirada nishonlanyapti.
Ishtirok etuvchilar ko‘lami ham shunga monand — 200 ga yaqin davlatdan 6 mingdan ortiq mehmon taklif etilgan. Xususan, UNESCO bosh direktori Odri Azule xonim ham tashrif buyurgan.
Ushbu sessiyaning o‘tkazilishi mamlakatimizning global miqyosda e’tirof etilayotgan insonparvar siyosati, ta’lim, madaniyat va fan sohalarini rivojlantirish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlarining samarasidir.

Davlatimiz rahbari Odri Azule xonim bilan muloqotda mamlakatimiz bundan buyon ham UNESCOning ishonchli hamkori va a’zosi bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uchrashuv so‘ngida xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniy merosini, milliy qadriyat, urf-odat va an’analarini jahon miqyosida targ‘ib etish, mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun tashkilot bosh direktori Odri Azule “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari UNESCOning 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi va qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Ushbu tashabbuslar bugungi insoniyat taraqqiyotining eng dolzarb masalalarini qamrab olgani e’tiborga molik.
Xususan, maxsus ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan yangi UNESCO platformasini yaratish taklifi, nafaqat, ijtimoiy tenglik, balki insoniy qadriyatlar yuksak darajada ifodalangan tashabbusdir. Davlat rahbarining mazkur taklifi O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida tenglik va adolatli jamiyat prinsiplariga naqadar sodiq ekanini ko‘rsatdi.
Kasb-hunar ta’limi bo‘yicha Butunjahon sammitini tashkil etish g‘oyasi esa yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, amaliy bilim va malaka bilan qurollanishi uchun zarur sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Bu tashabbus yoshlar bandligini ta’minlash, iqtisodiy faollikni kuchaytirish, zamonaviy kasb egalari avlodini tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt maktabi va “Sun’iy intellekt etikasi” bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi. Bu boradagi O‘zbekiston pozitsiyasi zamonaviy dunyoda ilm-fan va texnologiyalarni ma’naviyat bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi o‘ziga xos tajriba bo‘lishi mumkin. Zero, axborot asrida insoniyat oldida turgan eng katta savollardan biri – texnologiyalarni insonparvarlik tamoyillari asosida boshqarish masalasidir. Prezidentimiz ilgari surgan bu fikrlarni insonni markazga qo‘ygan siyosatning amaliy ifodasi sifatida baholash mumkin.
Ayniqsa, Prezidentimizning ayollar yetakchiligi va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan global dastur, shuningdek, Samarqandda ayol olimlar, rassomlar, o‘qituvchilar va ixtirochilarning global forumi o‘tkazish taklifi bizni quvontirdi.
“Adolat” SDP o‘z faoliyatida xotin-qizlar faolligi, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi o‘rni masalalarini hamisha markaziy g‘oya sifatida ilgari suradi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu masalaga global miqyosda e’tibor qaratilayotgani – tenglik va adolat tamoyillarining gender kontekstida ham qaror topayotganidan dalolat beradi.
Bu tashabbuslarning har biri — O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlovchi, inson qadri, adolat, taraqqiyot va tinchlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi yo‘nalishlardir. Shuni faxr bilan aytish joizki, O‘zbekiston bugun nafaqat islohotlar markazi, balki global muloqot va hamkorlik markaziga aylanib bormoqda. UNESCOning Samarqanddagi sessiyasi buning yaqqol isboti bo‘lmoqda.
Robaxon Maxmudova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
"Adolat" SDP fraksiyasi rahbari