Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifat va intellekt – milliy qudratning asosi
16:34 / 2026-01-21

Bugungi kunda O‘zbekiston 38 milliondan ortiq aholiga ega, mashaqqatli va sharafli mehnat orqali dunyoda o‘z o‘rnini topgan, kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yayotgan millat sifatida yanada yuksalayotir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan murojaatnomada ta’kidlanganidek, o‘zgarishlarni kutib o‘tirmay, ularni o‘z iqtidori va mas’uliyatli mehnati orqali yaratish – bu zamonamizda milliy davlatchilikning asosiy tamoyiliga aylandi.

Tarixiy jihatdan O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollarga yetgani, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollarga oshgani – faqat iqtisodiy ko‘rsatkich emas, balki millatning qadr-qimmati va suverenitetining yuksalishidan dalolatdir. Shu bilan birga, mamlakatning xalqaro nufuzi kuchayib, suveren reyting “BB-”dan “BB”ga ko‘tarildi, bu esa tashqi resurslar va investitsiyalar uchun munosib shart-sharoitlar yaratadi.

Millatning barqaror rivoji an’anaviy qadriyatlarga asoslangan. Mahalla instituti O‘zbekiston davlatchiligining asosiy ustuni hisoblanadi. 2026 yil Prezident tomonidan “Mahalla rivoji va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu yilda mahallalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish va jamiyat ongi hamda ma’naviyatini rivojlantirish vazifalari belgilab berildi.

Mahalla infratuzilmasini modernizatsiya qilish maqsadida 330 ta og‘ir ahvoldagi hududni obod qilish uchun 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Tumanlar byudjetlariga soliq tushumlarining bir qismi qoldirilishi mahallalarning mustaqillik va faolligini ta’minlaydi. Bu markazlashgan boshqaruvdan xalqchil tizimga o‘tishda tarixiy qadamdir.

Jamiyatni rivojlantirish nafaqat infratuzilma, balki bilim va ma’rifat bilan bog‘liq. Bilim – bugungi kunning strategik resursidir. Ta’lim tizimini yaxshilash, ilg‘or davlatlar tajribasini qo‘llash va texnikumlar sonini 100 taga yetkazish milliy kadrlar tayyorlashda yangi davrni ochmoqda. Shuningdek, “Dual ta’lim” tizimi orqali talabalarga bilim bilan birga ish imkoniyati ham yaratilib, korxonalar tomonidan 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar va ijtimoiy soliq stavkasining 1 foiz qilib belgilanishi ularni rag‘batlantirmoqda.

Ma’lumot va ma’naviy rivojlanish hamda intellektual salohiyat – milliy qudratning asosidir. Maktablar va kitobxonlar uchun har yili 10 million adad adabiyot taqdim etilishi bu yo‘ldagi muhim strategik qadam. Oliy ta’lim tizimini transformatsiya qilish, xalqaro universitetlar bilan hamkorlik va ilmiy markazlarni tashkil etish zamonaviy fikrga ega, mas’uliyatli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda har bir bitiruvchi, o‘z bilim va mahoratidan kelib chiqqan holda, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti uchun muhim intellektual resursga aylanmoqda. Ta’lim va ish amaliyoti o‘rtasidagi masofani qisqartiruvchi yagona raqamli ekotizim orqali kadrlar qudrati samarali boshqarilmoqda, bu esa mamlakatning intellektual salohiyatini maksimal darajada safarbar qilish imkonini beradi.

Shu tariqa, O‘zbekiston o‘z tarixining yangi sahifasini irodasi, matonati va bilimli avlod qudrati bilan yozmoqda. Mahalla – ijtimoiy qal’amiz, ta’lim va ma’rifat – taraqqiyotning asosiy kuchidir. Mashaqqatli mehnat va intellektual salohiyat esa Yangi O‘zbekistonning eng mustahkam kafolati hisoblanadi.

Xusniddin Jo‘rayev, 

Farg‘ona davlat universiteti 

tarix fakulteti dekani, 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

O‘zA