Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifat va ezgulik tadbiri o‘tkazildi
17:26 / 2025-11-03

Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabida aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oilaviy o‘qish an’analarini mustahkamlash va ijobiy dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan “Bir mahalla — bir kitob” loyihasi doirasida “Yaxshilik ulashamiz” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida bir qator qiziqarli faoliyatlar tashkil etildi. Shoirlar bilan uchrashuvlar, badiiy kitoblar ko‘rgazmasi va savdosi, ota-onalar tomonidan farzandlariga kitob sovg‘a qilish, “Siz bu kitobni o‘qiganmisiz?” shiori ostidagi “Zakovat” intellektual o‘yini, she’rxonlik va sahnaviy chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbirda shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, mahalla faollari, shahar hokimligi vakillari, Qonunchilik palatasi deputati yordamchisi, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi Tohir Samiyev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Davlat Tursun, faol ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

–  Yangiyerda o‘tkazilayotgan “Bir mahalla — bir kitob” loyihasi doirasidagi bunday tadbirlar yoshlarda kitobga muhabbat va bilimga chanqoqlikni oshiradi. Kitob — insonning eng ishonchli do‘sti, tafakkurni boyitadi, ruhni yuksaltirib, ezgulikka yetaklaydi. Quvonarlisi, so‘nggi yillarda yoshlar orasida kitobxonlikka qiziqish sezilarli darajada oshgan. Bugungi tadbirning asosiy maqsadi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi, –   dedi Tohir Samiyev.  

Shuningdek, “Bolaga kitob bering” aksiyasi doirasida bolalarga badiiy asarlar taqdim qilindi. “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi g‘oliblari aniqlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri