Yurtimiz bo‘ylab “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida jamoatchilik vakillari, ijodkorlar, ma’rifat ahli, deputat va senatorlar uchrashuvlari an’anaviy yo‘lga qo‘yilgan.
Ana shunday tadbirlardan biri Andijon davlat tibbiyot institutida ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv mehmoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov yoshlar bilan samimiy suhbat qurdi. Senator o‘z nutqida kuni kecha mamlakatimizda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo rahbarlari uchrashuvida yangragan tashabbuslar, bu yig‘inning mintaqadagi muhim ahamiyati, barqarorlik va taraqqiyot masalalari haqida fikr yuritdi.

Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirgani, yosh avlodning tarixiy merosni chuqur o‘rganishiga zamin yaratayotganini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlarga qaratilgan bunday e’tibor va mehr – kelajakka qo‘yilgan eng muhim investitsiyadir.
Uchrashuv davomida talabalar mehmon ijodkorlarning she’rlaridan yod olib, ularni badiiy mahorat bilan ijro etishdi. Yoshlar tayyorlagan taqdimotlari, adiblar asarlari haqidagi izlanishlari ham e’tirofga loyiq bo‘ldi. Bu esa yosh avlodning adabiyotga bo‘lgan qiziqishi, mustaqil fikrlashi va ijodiy yondashuvini namoyon etdi. Ijodkorlar esa o‘z navbatida, talabalarga kitoblaridan namunalarni esdalik sifatida taqdim etib, ularni yanada ko‘proq o‘qishga, izlanishga undadi.

Badiiy uchrashuvda talabalar o‘z fikrlari, she’rlari va ijodiy namunalari bilan ham qatnashib, ochiq muloqotga kirishdi. Uchrashuvning yana bir ahamiyatli jihati — “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirining o‘tkazilganidir. Bu nafaqat ma’naviy, balki ekologik tarbiyaning ham yoshlar ongiga singdirilayotganining yaqqol dalili bo‘ldi. Ma’rifat, kitob, ijod va tabiatga mehr uyg‘un holda kechgan mazkur tadbir atrof-muhitni asrash madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Izboskan tumanining Beshtarak MFY hududidagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi uchrashuvni yuqoridagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvning davomi deyishimiz mumkin. Maktabga ijodkorlarning tashrif buyurishi o‘quvchilar uchun katta bayramga aylandi.
Ijodiy tadbir jarayoni o‘quvchilarning Davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan tabriklari bilan boshlandi. Yoshlarning ramzlarga bo‘lgan hurmati va e’tibori bunday ma’naviy tadbirlarning tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.
Shoir va yozuvchi Qamchibek Kenja, Senat a’zosi, adib Abdusaid Ko‘chimov ishtirokidagi mazkur tadbirda mehmonlar ijodiy jarayon, adabiy qarashlar va ma’rifatning, ma’naviyatning hayotdagi o‘rni haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlar uchun yurtimizda bugun barcha yo‘nalishda keng imkoniyatlar yaratilgani, faqat o‘qish, izlanishgina kelajakni ravnaq, mamlakatni yanada faravon qilishini ta’kidlashdi.

Mehmonlar uchun maktabning milliy burchagi, shuningdek, o‘quvchilar tomonidan qo‘l mehnati bilan tayyorlangan ko‘rgazmalar namoyish etildi. Ushbu ko‘rgazmalar o‘quvchilarning nafaqat ilmiy, balki badiiy-estetik qobiliyatlarini ham rivojlantirishga qaratilgan izlanishlari borligini ko‘rsatdi.
Andijon viloyatining turli maskanlarida bo‘lib o‘tayotgan bunday uchrashuvlarning barchasi umumiy maqsadga xizmat qiladi. Ya’ni ma’rifat, adabiyot va milliy qadriyatlar orqali yoshlar ongida yuksak tafakkur, ijodkorlik va Vatanga mehr tuyg‘ularini kuchaytirishdir.
Dildora Do‘smatova, O‘zA