English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ma’rifat ulashib” loyihasi davom etmoqda
15:56 / 2024-10-12

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida yosh avlod orasida adabiyotni keng targ‘ib etish va kitobxonlar jamiyatini shakllantirish maqsadida o‘tkazilib kelinayotgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Normurod Norqobilov, O‘roz Haydar ishtirokida adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda adiblar talaba yoshlar bilan samimiy muloqot qilar ekan, o‘z ijod yo‘llari, badiiy asarning yaralishi, adabiyotning jamiyat ma’naviyatida tutgan o‘rni, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalarini bildirdi.  

Darhaqiqat, insonning insonligini belgilovchi muhim omillardan biri, bu uning go‘zal tuyg‘ularidir. Agar insonda tuyg‘u bo‘lmasa, quyosh haroratsiz, tabiat rangsiz, tiriklik esa ruhsiz ko‘rinish beradi go‘yo. Normurod Norqobilov asarlari orqali inson ichki dunyosining turli ranglariga teran nigoh tashlay olasiz va ona tabiatning sir asrorlari qarshisida hayrat tuyasiz.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tug‘ilib o‘sgan adib uzoq yillar respublika televideniyesi va gazeta tahririyatlarida ishlab, yuzlab hikoya, qissalari hamda “Qoraquyun” romanini yaratgan, shuningdek, bolalar haqidagi hikoyalari o‘zbek, qirg‘iz, qozoq maktablari darsliklariga kiritilgan.

[gallery-19724]

Qashqadaryoning yana bir ijodkori – chiroqchilik O‘roz Haydar esa o‘zbekona sonetlari bilan kitobxonlar qalbini egallagan. Bir vaqtning o‘zida milliy va umuminsoniy tuyg‘ularni qamrab oluvchi mazkur nazmiy asarlar dillarni dillarga bog‘lab, turli millat vakillarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Insonni borliqni, o‘zligini anglashga yo‘l ko‘rsatadi. Haqiqiy adabiyotning vazifasi ham shu aslida.    

Adiblar dastlab Navbahor tumanidagi Qalqonota va Uchtut qishloqlari aholisi, xususan o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi. Adabiy suhbatlar davomida adiblar yoshlarga adabiyot, she’riyat, kitobxonlik haqida o‘z umr yo‘llari va boy ijodiy tajribasi asosida gapirib berishdi. Maktab darsliklaridan o‘rin olgan hikoya va she’rlar mualliflari bilan muloqot o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, adiblar o‘z asarlaridan parchalar o‘qib, yoshlarning ijodiy mashqlarini tingladi, ularga kerakli tavsiyalar berishdi.  

– “Ma’rifat ulashib” nihoyatda zarur va kerakli loyiha, – deydi yozuvchi Normurod Norqobilov. – An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur loyiha bugun o‘z samarasini beryapti. Bugungi uchrashuvlarda barcha tinglovchilar, yoshlar va kattalar ham yozuvchi hamda shoirlarga nihoyatda intiqligini sezdik. Biz ham o‘z navbatida ularga mushtoqmiz. Adabiy davralar ko‘paysa, albatta, ijod ahli va xalq o‘rtasida mehr uyg‘onadi, adabiyotga yaqinlik paydo bo‘ladi. Bu hazilakam yutuq emas, aslida! Har bir kishi jon kuydirishi va chin dildan ishtirok etishi kerak bo‘lgan loyiha.

Universitet hovlisiga adiblar va yoshlar birgalikda nihollar o‘tqazarkan, bu o‘ziga xos ramziylik kasb etdi.  

Katta anjumanlar zalida o‘tkazilgan tadbirda adiblar ijod yo‘li yoritilgan film namoyish etildi. Shundan so‘ng, adiblar va bir guruh ijodkorlar ijodning sehrli olami haqida fikrlar bildirdi. Universitet rahbariyati esa ijodkorlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirarkan, loyiha yosh avlod, umuman jamiyatni adabiyot bilan yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini qayd etdi.  

– Fikrlayotgan odam bu – yashayotgan odam, – deydi shoir O‘roz Haydar. – Yashayotgan odam esa o‘zini isloh qiladi, har bir ishini hisob-kitob qiladi. Ya’ni, u o‘zini tarbiyalovchidir. Ana shunday tafakkur tarzi – murabbiylikning oliy maqomini qalbiga joylashtira olgan insongina hayotning har qanday to‘sig‘ini yecha oladi. “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi uchrashuvlarda ayni shu jihatlarga, yoshlar qalbida adabiyotga mehr uyg‘otishga, ularning ma’naviy dunyosini boyitishga, badiiy tafakkurini shakllantirishga hamda hayotning achchiq-chuchugida hamisha to‘g‘ri yo‘lni topa bilishda kitob va kitobxonlikning ahamiyatini anglatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday adabiy anjumanlarning millat tarbiyasida ahamiyati katta.

Universitet talabalar turar joyida ham ijodkorlar ishtirokida mushoira kechasi o‘tkazilib, qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan adabiy davrada talabalar o‘zbek she’riyati vakillarining ijodidan namunalar o‘qidi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari