Adabiyot va jurnalistika sohasidagi ijodkorlar bilan bevosita uchrashuv yoshlar ma’naviyati hamda dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Andijon davlat texnika institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi talabalar o‘rtasida o‘qish va ijodga bo‘lgan qiziqishni oshirish, mamlakatimiz adabiy muhitiga hissa qo‘shayotgan ijodkorlar bilan muloqot imkoniyatini yaratish.
Uchrashuv institutning asosiy binosida tashkil etilib, talabalar va yosh ijodkorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Nurullo Ostonov va Yahyo Tog‘ayev taklif etildi.
Uchrashuv davomida adiblar o‘z ijodiy faoliyatlari, yozuvchilik yo‘lida duch kelgan qiyinchiliklar va ularni yengish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
[gallery-26333]
– Bugun men ijodkorlar bilan uchrashib, ularning hayotiy va ijodiy tajribasidan ilhom oldim, – deydi institut talabasi Yahyobek Majidov. – Bu uchrashuv meni yangi g‘oyalar ustida ishlashga undadi. Yozayotgan ijodiy ishlarimni yanada yuksak darajaga olib chiqish uchun qat’iyat bilan harakat qilishim kerakligini anglab yetdim.
Tadbir yakunida mehmonlar yoshlar bilan muloqotning ahamiyati va ijodiy faoliyatning jamiyatdagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirib, talabalarni adabiyot va jurnalistika sohasida faol bo‘lishga undadi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘rtasida samimiy va ochiq muloqot o‘rnatildi, bu esa talabalar uchun katta ma’naviy rag‘bat bo‘ldi.
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv nafaqat adabiyot ixlosmandlari, balki barcha talaba-yoshlar uchun foydali, ilhomlantiruvchi va ma’naviy boyituvchi tadbir bo‘ldi. Shu kabi ijodiy muloqotlar yosh avlodni bilimli, tafakkurli va vatanparvar inson bo‘lib yetishishlarida alohida ahamiyat kasb etadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari