Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Ma’rifat» targ‘ibotchilari 2026 yilda qanday vazifalarni amalga oshiradi?
11:07 / 2026-01-22

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati Ekspertlar kengashining joriy yildagi ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 2026 yilda Jamiyat tomonidan amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari, strategik vazifalar va yangi ijtimoiy loyihalar atroflicha muhokama qilindi.

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov bugungi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish davr talabi ekanini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan strategik vazifalar ijrosini ta’minlash masalasi e’tibor markazida bo‘ldi.  

Qayd etilganidek, ushbu tarixiy hujjatlarda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar nafaqat davlat boshqaruvi, balki jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishning ham muhim dasturilamali bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muhokamalar jarayonida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarni joylarda har bir tashkilot, muassasa, mahalla, xonadonga sodda va hayotiy tilda yetkazish, jamiyatda g‘oyaviy va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, targ‘ibot jarayonlarida eski qoliplardan voz kechib, xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilishning ta’sirchan usullaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan 2026 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 15 ta ustuvor ijtimoiy loyiha atroflicha muhokama qilindi.  

Bu loyihalar jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, milliy va umumbashariy g‘oyalar targ‘ibotini tizimli hamda samarali tashkil etishda muhim strategik ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilish davomida bir qator muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Ekspertlar kengashining reglamenti va nizomi tasdiqlandi.

Tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov bir ovozdan Ekspertlar kengashi raisi etib saylandi. 2026 yil faoliyati uchun turli sohalardan saralangan nomzodlar Jamiyat a’zoligiga qabul qilindi.

Yig‘ilishda yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash masalasiga alohida urg‘u berildi. Xususan, Ziyolilar ishtirokida respublika ma’naviy-ma’rifiy o‘quv oromgohini tashkil etish bo‘yicha dastur ko‘rib chiqilib, mutaxassislarning taklif va tavsiyalari olinishi ta’kidlandi. Mahallalarda tinchlik, barqarorlik va shukronalik tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Zamon talablaridan kelib chiqqan holda, ma’naviy targ‘ibot jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlarini tatbiq etish masalasi muhokama qilindi. Bu orqali ma’lumotlarni aholiga tezkor va qiziqarli shaklda yetkazish ko‘zda tutilgan.

Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda xorijdagi vatandoshlar ishtirokida ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi. Bu vatandoshlarimizning milliy o‘zlikni anglash va mamlakatimiz islohotlariga daxldorlik tuyg‘usini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yig‘ilish yakunida global mafkuraviy kurashlar kechayotgan bugungi davrda ziyolilarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning ijodiy va ilmiy tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.  

N.Usmonova,  

O‘zA