Andijon viloyati musiqali drama teatrida “Ma’rifat maydoni” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilayotgan tanlovning viloyat bosqichida oliy o‘quv yurtlari talabalar jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Tanlovda Andijon davlat texnika institutining “Maorif yulduzlari”, Andijon davlat universitetining “Ziyokor”, Andijon davlat chet tillari institutining “Qodiriy izdoshlari”, Andijon davlat pedagogika institutining “Taraqqiy” jamoalari adabiyotimizning ulug‘ siymolari, jadidlar asarlarini qay darajada bilish, ularning hayoti va faoliyatiga oid sahna ko‘rinishi hamda savol-javob shartlari asosida o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyish etdi.
[gallery-27690]
Jamoalarning chiqishlari adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlardan iborat nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Andijon davlat pedagogika institutining “Taraqqiy” jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, tanlovning mintaqaviy bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlov g‘olib va ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bu kabi tanlovlar o‘zbek adabiyotining yorqin siymolari, jadidlar hayoti, faoliyati, betakror asarlari, ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, talaba yoshlarning bu boradagi bilim va tafakkurini yuksaltirish xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.