Dunyo olimlari O‘zbekistonni Sharq madaniyati o‘chog‘i, deb ta’riflaydilar. Nainki Sharq, balki butun dunyo tamaddunida o‘zbek ilm-fan va madaniyatining o‘rni alohida ahamiyatli.
Bu boradagi ilmiy-amaliy izlanishlar xalqimizning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz. Shu maqsadda, “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusida tashkil etilgan “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlariga start berildi.
Turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar o‘rganiladi va jamlanadi
Farovon hayotning asl asosi ilm va ma’rifatdir. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, “Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob ma’lumotlar, san’at asarlari, afsuski, bizga noma’lum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning ta’siri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy iste’molga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur”, deb ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan majmua tariximizda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob megaloyiha hisoblanadi.
Shu bilan birga, xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan “Sharq uyg‘onishi” davrida O‘zbekiston hududida yashagan buyuk olimlar va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosini targ‘ib etishga qaratilgan bo‘lib, markaz mamlakatimiz tarixi va madaniyati, intellektual va ma’naviy salohiyatini asrab-avaylash va boyitish, shu asosda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, jamiyatning moddiy va ma’naviy taraqqiyotiga hissa qo‘shish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida tadbirlar qizg‘in davom etmoqda.

— Respublikamiz bo‘ylab o‘tayotgan tadbirlarda fuqarolar faol ishtirok etishmoqda, – dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Azimjon G‘ofurov. – Ular o‘zlarining savollari bilan loyihaga qiziqish bildirmoqda. Bundan bilish mumkinki, ular Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga befarq emas. Uchrashuvlarda bu muhtasham bino haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.
“Farovon hayotga ilk qadam” loyihasi doirasida Zoom platformasi orqali “Olimlar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi. Unda Fransiyadagi Aix-Marseille universiteti tarix yo‘nalishi doktoranti Feruza Maxmasobirova bilan “Yevropada ta’lim: grandlar va imkoniyatlar” mavzusida suhbat uyushtirildi.
Muloqotda olimlar o‘z ilmiy va hayot tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Yoshlarga grant loyihalar, o‘qish jarayonlari haqida o‘z bilim va ko‘nikmalarini tinglovchilarga yetkazishdi.
Tadbirkorlar esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash, undagi to‘siqlarni yengish, mehnat intizomini yo‘lga qo‘yish haqida fikr va mulohazalar bildirishdi.
Ilmiy-innovatsion g‘oyalar aksi
Mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan bu galgi “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi “Ma’rifat karvoni” ilmiy-innovatsion, madaniy-ma’rifiy targ‘ibotiga olimlar, ziyolilar, diniy-ma’rifiy hamda madaniyat va san’at sohasi vakillaridan iborat yuzga yaqin targ‘ibot guruhi a’zolari jalb etilgan bo‘lib, 3 yo‘nalishga bo‘lingan holda tashviqot ishlarini amalga oshirmoqda.
Dastlabki yo‘nalishda “Sivilizatsiyalar – Shaxslar – Kashfiyotlar” olamshumul g‘oyasi asosida olimlar tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimotlari, amaliy seminar-treninglar tashkil etiladi.
Ikkinchi yo‘nalishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumot beriladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘nta maxsus bo‘lim: Islomgacha bo‘lgan davr, Qur’oni karim zali, Birinchi Renessans va Ikkinchi Renessans davri, Xonliklar davri, Amir Temur va Temuriylar bo‘limi, O‘zbekiston XX asrda, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” va Kutubxona kabi bo‘limlar ekspozitsiyasini takomillashtirish yuzasidan taqdimotlar qilinadi.
Uchinchi yo‘nalishda buyuk ajdodlarimizning madaniy meroslarini keng targ‘ib etish, aholi orasida ijtimoiy faollik ko‘nikmalarini ko‘chaytirish maqsadida “Tirik tarix” loyihasi doirasida kinoijodkorlar ishtirokida milliy kinofilmlar namoyishi bo‘lib o‘tadi.
“Ma’rifat karvoni” xalqimizning ijtimoiy faolligini oshiradi
Hududlarda tashkil etiladigan tadbirlarda har bir loyiha doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga oid qo‘llanmalar ishtirokchilarga taqdim etilib, maxsus filmlar va targ‘ibot roliklarining namoyishlari o‘tkaziladi.
Jumladan, “Farovon hayot sari ilk qadam” loyihasi, “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Ijtimoiy g‘oyalar forumi”, “Inson qadri” kabi bir qator ijtimoiy loyihalarda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar, uchrashuvlar, ochiq suhbatlar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bemorlar holidan xabar olinadi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, viloyat onkologiya dispanserlari, shuningdek shifoxonalarda davolanayotgan bolalar, nogironligi mavjud fuqorolar xonadoniga ziyolilar tashriflari uyushtiriladi.
– Biz ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotlari orqali yangi davrning yangi odamini, Yangi O‘zbekistonning yangi dunyoqarashga ega fuqarolari ongini shakllantirishni asosiy vazifamiz deb bilamiz. Tadbirning asl maqsadi ham shu, – dedi siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, professor, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Narzulla Jo‘rayev.
Mazkur tadbirlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 29 may - 8 iyun kunlari o‘tkaziladi.
N.Usmonova,
O‘zA