French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’rifat karvoni Toshkent amaliy fanlar universitetida bo‘ldi
16:35 / 2024-05-03

Shu kunlarda oliy ta’lim muassasalari talabalarini kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi respublikamiz bo‘ylab amalga oshirilmoqda.

Ziyolilar ishtirokidagi ushbu loyiha doirasida tashkil etilayotgan uchrashuvlar, davra suhbatlari Toshkent amaliy fanlar universitetida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mehmon sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari Islom Hamroyev, Umida Abduazimova va Adiba Umirovalar talabalar bilan dildan suhbatlashib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.  

—Toshkent amaliy fanlar universiteti biz borgan boshqa ta’lim dargohlaridan har tomonlama salohiyatli ekanligiga muassasa kutubxonasiga kirganda guvoh bo‘ldik, — deydi jurnalist, «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Islom Hamroyev. — Chunki kutubxonada o‘nlab gazeta-jurnallar taxlamidan foydalanayotgan talaba yoshlarni uchratdik. Ular bilan suhbatlashdik, takliflarini tingladik.  

Shuningdek, ijodkorlar tadbir davomida kitoblarning inson hayotida tutgan o‘rni borasida tushunchalar berdi, yoshlar qalbida adabiyotga mehr-muhabbatni yanada kuchaytirish, yangi ijodkorlarni kashf qilish va qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladilar.  

Shu bilan birga, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi.

M.Komilova, O‘zA