Navoiyda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda viloyat hokimligi hamkorligida “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusida ilmiy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, san’atkor, kinoijodkorlar, talaba va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan tadbirda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston – Yangi renessans poydevori” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy forumda Islom sivilizatsiyasi markazi, markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, videofilm namoyish etildi.

– Bugungi kunda yurtdoshlarimizning ongi o‘zgarmoqda, Vatan oldidagi mas’uliyati oshmoqda, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayit. – Bizning maqtanishga arzigulik tariximiz bor. Biz jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlar avlodimiz. Bugun yurtimizda ajdodlarga munosib farzandlar tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tkazilayotgan “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari ham aynan shu maqsadga xizmat qiladigan loyihalardan biridir. Yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir loyiha, har bir qilinayotgan ishlar o‘z ijobiy samarasini beradi va yurt istiqboliga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida Navoiy shahridagi harbiy qismda “Tirik tarix” mavzusida askar va harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kinoijodkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida milliy kinofilmlar namoyish etildi.

Poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Bir maqsad” loyihasi doirasida so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish maqsadida korxona, idora va tashkilotlarda “Ma’rifat soatlari”, Navoiy shahridagi Alisher Navoiy istirohat bog‘ida “1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan bolalar ishtirokida “Inson qadri” loyihasi, mahallalarda “Farovon hayotga ilk qadam” loyihasi doirasida tadbirlar o‘tkazildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda barcha aholi qatlami faol ishtirok etdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri