Andijonda “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazildi. Unda oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, san’atkor, kinoijodkorlar, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Loyiha doirasidagi ilk tadbir Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bo‘lib o‘tdi. Talaba yoshlar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning ahamiyati haqida hayotiy misollar orqali keng ma’lumotlar berildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga o‘zligimizni anglash, milliy qadriyatlarimiz aks ettirilgan milliy film namoyish etildi.
[gallery-23688]
Olimlar, tadqiqotchilar, iqtidorli yoshlar ishtirokida Z.M.Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning mazmun-mohiyati, maqsadi va ilmiy-ijodiy ahamiyati, shuningdek, olimlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari haqida so‘z yuritildi.
“Ma’rifat karvoni” loyihasi tadbirlari doirasida viloyatdagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Farovon hayotga ilk qadam” shiori ostida seminarlar o‘tkazildi.
Ana shunday seminarlardan biri Jalaquduq tumani Beshtol mahallasidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida tashkil etildi. Seminarda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev xonadonlarda kichik biznesni yo‘lga qo‘yish, aholi bandligini ta’minlash orqali oilalar daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartish xususida gapirdi. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, biznes-reja tayyorlash, kredit olish, mahsulot ishlab chiqarish, sotish masalalari haqida keng tushunchalar berdi.
Mavzu doirasida munozara, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat chet tillar institutida bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston – Yangi renessans poydevori” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy forumda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining mas’ul xodimlari, mutaxassislar va “Ma’rifat” targ‘ibotchilari, yosh ilmiy-tadqiqotchilar, olimlar, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab ishtirokchilarga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, markazning “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” pavilonida yaratilayotgan ekspozitsion jarayonlari haqida videofilm namoyish etildi.
Mavzu doirasida olimlarning ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan mavzular, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengroq targ‘ib etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Andijon davlat tibbiyot institutida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish maqsadida “Ma’rifat soati” o‘tkazildi. Tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, olimlar, kino ijodkorlar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xalqimiz ma’naviyati, tafakkuridagi o‘zgarishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
– Islohotlarning ahamiyati, mazmun-mohiyati va samarasini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etishda, shubhasiz ziyolilar faol va ilg‘or bo‘ladi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor Madaminjon Madazimov. – Shu ma’noda “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasidagi tadbirlar biz ziyolilarni yanada faol bo‘lishga chorladi.
Ma’ruzalar yuzasidan savol-javob, muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan mavzular doirasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, samaradorligini oshirish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
“Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida Andijonda ikki kun davomida o‘tkazilgan tadbirlar nafaqat ziyolilar, balki aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar faolligida qizg‘in ruhda bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari