Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ma’rifat karvoni” tadbirlari Orolbo‘yida davom ettirildi
22:19 / 2025-06-02

“Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusida tashkil etilgan “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari Orolbo‘yida davom etdi.

Jumladan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Dastlab Islom sivilizatsiyasi markazining mega loyihalari mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan seminar-trening tashkil etildi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari, ushbu markaz loyihalariga biriktirilgan hududlardagi mas’ul olimlar, loyihaning ilmiy rahbarlari, mutaxassislar, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyatining a’zolari, professor-o‘qituvchilar, doktorant, magistrant hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy konferensiya ham tashkil etildi.

Unda pedagogika fanlari doktori, professor Rahimboy Jumaniyozov, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Qabil Mambetov bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan fikr yuritishdi.

[gallery-23726]

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelishmoqda. Turli millat va din vakillari har qanday tajovuzdan xoli bo‘lib, ularning o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari jamiyat barqarorligining muhim ko‘rsatkichlaridan sanaladi.

O‘zbekistonda islom ma’rifatini tarqatish, o‘tmishdagi ajdodlarning boy ma’naviy merosi ustida yanada chuqurroq o‘rganishlar olib borish diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan sanaladi. Bu borada O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi tarixiy ahamiyat kasb etadi. 

Tadbir ishtirokchilariga “Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘” shiori ostida “Tirik tarix” loyihasi doirasida milliy filmlar namoyish etildi.

Shuningdek, “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari davomida Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans poydevori” ilmiy-ma’rifiy forumi, Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida iqtidorli yoshlar, magistrant, doktorantlar, mahalla faollari, “El-yurt umidi” stipendiatlari ishtirokida “Ijtimoiy g‘oyalar forumi” muloqot uchrashuvi hamda boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA