Ma’lumki, 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni mamlakatimizda har yili keng nishonlanadi. Bu yil ham sana munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilib, ma’rifat fidoyilarga ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Oliy Majlis Senatiga barcha hududlardan kelgan 250 dan ortiq ta’lim fidoyilari, ustozlar va sohaning mas’ul xodimlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va oliy ta’lim muassasalari pedagoglari tashrif buyurdi.


Senat a’zolari bilan uchrashuvda mamlakatimizda pedagog va murabbiylar maqomi, mehnat sharoitlariga qaratilayotgan e’tibor, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, o‘qituvchilik kasbi nufuzini oshirish kabi ta’lim sohasini rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’lim sohasi mutaxassislarining fidokorona mehnati jamiyatimizning turli jabhalarida o‘z samarasini berayotgani, o‘sib kelayotgan avlodning tarbiyasida, pirovardida uning hayot yo‘lini tanlashda o‘z aksini topayotgani ta’kidlandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi, oliy maktabni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Muloqot davomida pedagoglar tomonidan ta’lim tizimini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Senat binosi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
N.Abduraimova, O‘zA