Xabaringiz bor, 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Kelajak soati” darslari o‘tilmoqda.
Shu jumladan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ham haftaning dushanba, seshanba va chorshanba kunlari “Kelajak soati” rukni ostida “Ma’rifat darslari” barcha akademik guruhlar va fakultetlar kesimida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Ushbu darslarning maqsadi – talabalar o‘rtasida milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash, vatanga muhabbat va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘ularini oshirish, ma’naviy tarbiya, kasbiy etika va zamonaviy ijtimoiy-axborot muhitida ma’rifiy g‘oyalarni kuchaytirishdan iborat. Har bir dars 40-60 daqiqa davom etib, unda ma’ruzalar, interfaol seminarlar, guruhlar kesimida masalalar muhokama qilinmoqda, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Darslar uchun mavzular Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan ishlab chiqilib, maxsus platformaga joylashtiriladi. Asosan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni, xalqaro aloqalar, yurtimizning iqtisodiy taraqqiyoti, milliy qadriyatlar va modernizatsiya, tarbiya va etika me’yorlari, yetakchilik ko‘nikmalari, ijtimoiy mas’uliyat, axborot madaniyati, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan darslar samarali tashkil etilmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, institutda har bir “Ma’rifat darslari” institut rektori va prorektorlar, tajribali professor-o‘qituvchilar, shuningdek, taniqli olimlar, ekspertlar, davlat va jamoat arboblari tomonidan o‘tilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Albatta, bunday amaliy ishlar talaba-yoshlar o‘rtasida ma’naviy ong va ijtimoiy mas’uliyat darajasini oshirish, kelgusida ularni yetuk pedagog kadrlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri