Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ma’rifat darsi”: yoshlar ongi va dunyoqarashini yangilayotgan ta’lim maydoni
15:36 / 2025-11-13

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqmoqda. Bu jarayonda davlat siyosatining markazida inson manfaatlari, xususan, yoshlar masalasi ustuvor o‘rin tutadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Biz yoshlarimizni nafaqat bilimli, balki yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalashimiz zarur”. Shu maqsadda ta’lim tizimida “Ma’rifat darsi” va “Kelajak soati” kabi amaliy mashg‘ulotlar joriy etildi.

Ushbu darslar orqali talabalar mamlakatdagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlar haqida chuqur ma’lumot oladi, hayotga yangicha yondashishni, mustaqil fikrlashni va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiradi. “Ma’rifat darsi” yoshlarni vatanparvarlik, ishonch va mas’uliyat ruhida tarbiyalovchi muhim ma’naviy maktab sifatida namoyon bo‘lmoqda.

“Ma’rifat” atamasi arab tilida “bilim”, “anglash” ma’nolarini anglatadi. Pedagogikada esa u inson ongini kengaytiruvchi, ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantiruvchi jarayon sifatida talqin etiladi. Shu jihatdan “Ma’rifat darsi” faqat bilim berish emas, balki tarbiya va ma’naviyatni uyg‘unlashtiruvchi pedagogik tizimdir.

Oliy ta’lim muassasalarida bu darslar quyidagi vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda: talabalarda ijtimoiy va siyosiy voqealarga ongli munosabatni shakllantirish, tanqidiy va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ma’naviy immunitetni mustahkamlash hamda yot g‘oyalarga qarshi barqarorlikni oshirish, fuqarolik mas’uliyati va vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish.

“Ma’rifat darsi” zamonaviy ta’limning axborot, tarbiyaviy va motivatsion jihatlarini uyg‘unlashtirgan integrativ tizim sifatida ta’lim jarayonida muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlar uchun beqiyos imkoniyatlar yurtiga aylanmoqda. “Yoshlar siyosati konsepsiyasi”, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar parlamenti”, “Yoshlar akademiyasi” kabi tashabbuslar yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirishga, ularning roli va nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

2017 yilda qabul qilingan “Harakatlar strategiyasi” va uning mantiqiy davomi sifatidagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi” mamlakatdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Jamiyat hayotida ochiqlik, shaffoflik va samaradorlik tamoyillari asosida boshqaruv tizimi shakllanmoqda.

Bu islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: ta’lim tizimini modernizatsiya qilish va oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda davlat xizmatlarini soddalashtirish.

Bularning barchasi yosh avlodga kelajakda o‘z o‘rnini topish, bilim va mehnat orqali mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shish imkonini yaratadi. Islohotlarni chuqur anglagan talaba o‘zini yaratuvchi shaxs sifatida ko‘radi. “Ma’rifat darsi” esa uni yangicha tafakkur, mustaqil fikr va ijtimoiy mas’uliyat sari yo‘naltiradi.

Psixologiya va pedagogika fanlari ko‘rsatganidek, inson tafakkuri muhit va tarbiya ta’sirida shakllanadi. Shu ma’noda “Ma’rifat darsi” shaxsning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini boyituvchi, vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘usini singdiruvchi muhim tarbiyaviy omildir.

Bu mashg‘ulotlarda talabalar jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarga ijobiy munosabat bildirishni, milliy qadriyatlar va umuminsoniy tamoyillar uyg‘unligini anglashni, fikrni erkin va mantiqan asoslab ifoda etishni o‘rganadi.

Shu tariqa, “Ma’rifat darsi” oddiy ma’ruza emas, balki shaxsning ma’naviy kamoloti jarayonidir. Unda bilim, madaniyat va mas’uliyat uyg‘un holda aks etadi. Muhokama, debat va loyiha taqdimoti kabi interfaol usullar talabalarning faol ishtiroki va ilhomlanishini ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, “Ma’rifat darsi” bu yoshlarga nafaqat bilim, balki hayotiy yo‘l-yo‘riq, motivatsiya va vatanparvarlik ruhini beruvchi tarbiya maktabidir. U orqali zamonaviy tafakkur, ma’naviy yetuklik va fuqarolik mas’uliyati uyg‘unlashgan komil avlod voyaga yetadi. Yangi O‘zbekistonning eng katta kuchi ham ana shunday ma’rifatli va faol yoshlardir.

Talantbek Madumarov, 

Andijon davlat universiteti

birinchi prorektori, professor.

O‘zA