English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marhum ijodkorlarning oila a’zolariga davlat mukofotlari topshirildi
11:43 / 2025-08-28

Ayni kunlarda mustaqilligimizning 34 yilligi keng bayram qilinmoqda. Eng ulug‘ bayram arafasida ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum olim va ijodkorlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida bo‘lib, bir qator marhum ijodkorlarning oila a’zolariga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, aktyor marhum Murod Rajabovning “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni uning qizi Shahnoza Rajabova va oila a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda marhum Muxriddin Xoliqovning  “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni uning turmush o‘rtog‘i Gulsara Qayumova va oila a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi marhum Ismoil Vahobovning “Mehnat shuhrati” ordeni uning o‘g‘li Bahodir Vahobov va oila a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, baletmeyster marhuma Viloyat Akilovaning “Mehnat shuhrati” ordeni uning qizi Tamara Akilovaga, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, teatr aktyori va dublyaj ustasi marhuma Rimma Ahmedova hamda “Diydor” teatr-studiyasi badiiy rahbari marhum Bahodir Yo‘ldoshevning “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari nabirasi Husan Abduvohidovga, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, kompozitor marhum Anarqul Nazarovning “Mehnat shuhrati” ordeni esa uning turmush o‘rtog‘i Matluba Rahimovaga topshirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda marhum Oxunjon Madaliyevning “Mehnat shuhrati” ordeni uning turmush o‘rtog‘i Habibaxon Madaliyeva va oila a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri marhum Anvarjon Obidjonovning (Anvar Obidjon) “Mehnat shuhrati” ordeni uning turmush o‘rtog‘i Karomatxon Obidjonova va oila a’zolariga, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, xonanda marhum Mamirjon To‘xtasinovning “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni esa uning turmush o‘rtog‘i Qimmatxon To‘xtasinova va oila a’zolariga taqdim etildi.

Mukofotlanganlarning oila a’zolari yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, Prezidentimiz boshchiligida so‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish borasida izchil islohotlar olib borilayotgani, Vatanimiz va xalqimiz uchun fidoyi xizmat qilgan marhum san’at va madaniyat namoyondalarining xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatilayotganini alohida qayd etdi.

M.Komilova,

O‘zA