Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Marhamat tumanida har ikki yilda bir marta “Ko‘hna Dovon sirlari” arxeologiya turizm forumini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Ana shu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati hokimligi, madaniyat va turizm boshqarmasi, Marhamat tumani hokimligi, Samarqand arxeologiya instituti va “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan “Ko‘hna Dovon sirlari” arxeologiya turizm forumida mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Xitoy davlatlaridan tashrif buyurgan tarixchi olimlar, turistik tashkilotlar vakillari, turizm sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Marhamat tumani hududida joylashgan “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi tarixiy manbalar hamda arxeolog olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan Dovon (aksariyat manbaalarda “Day-yuan” - Davan deb keltiriladi) nomi bilan mashhur davlatning poytaxti Ershi shahrining xarobalari, deb tahmin qilinadi.
[gallery-13525]
Hozirda Mingtepa yodgorligi xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan.
Manbalarda yozilishicha, “Mingtepa” qadimda, milodning V asrlarida Farg‘ona vodiysi hududida aholi zich yashagan Dovon davlatining markazi, ya’ni bosh shahri bo‘lgan. Uning tarixi haqidagi ilk ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. “Buyuk ipak yo‘li”da joylashgan ushbu shahar rivojlangan hunarmandchiligi, dehqonchiligi hamda “samoviy tulporlari” bilan mashhur bo‘lgan.
Arxeologlarning e’tirof etishicha, “Mingtepa” yodgorligi inshootiga oid osori-atiqalar Farg‘ona vodiysidagi boshqa biror bir antik davr yodgorligida uchramaydi.
–Forumning asosiy maqsadi Farg‘ona vodiysi shaharlarining tarixiy taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti hamda ushbu hududning turizm rivojidagi ahamiyati, mavjud imkoniyatlarini, shuningdek, qadimiy Dovon davlatiga oid eng so‘nggi ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini muhokama qilish, ilmiy xulosalarni umumlashtirish, – deydi “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Shahlo Husanova. – Qolaversa, Marhamat tumanidagi mavjud turizm maskanlarini keng targ‘ib etishdan iborat.
Dastlab forum doirasida tumandagi "Kelajak nuri" kutubxonasida qadimgi Dovon (Farg‘ona) davlati tarixiga bag‘ishlangan “Farg‘ona vodiysining qadim va o‘rta asrlar arxeologiyasi, etnografiyasi, tarixi muammolari va ularning tahlili” mavzusida ilmiy-amaliy hamda “Qadimiy Dovon davlati hududi bo‘ylab turizmni rivojlantirish masalalari” mavzusida anjumanlar o‘tkazildi.
Ilmiy-anjuman boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda Marhamat tumani hokimi Boburjon Yuldashev, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov ishtirokchilarni muborakbod etib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Ilmiy anjumanda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti, Farg‘ona davlat universiteti, Andijon davlat universiteti, Andijon pedagogika instituti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tarixchi olimlari, shuningdek, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, Tojikistondagi Akademik Bobojon G‘ofurov nomli Xo‘jand davlat universiteti, Qirg‘izistonning Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti, O‘sh davlat universiteti tarixchi olimlarining ma’ruzalari tinglandi.
“Qadimiy Dovon davlati hududi bo‘ylab turizmni rivojlantirish masalalari” mavzusidagi anjuman doirasida Farg‘ona vodiysida turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan Farg‘ona vodiysida turizmni rivojlantirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Kunning ikkinchi yarmida tumandagi turizm ob’ektlari bo‘lgan tarixiy va zamonaviy maskanlarga infotur tashkil etildi.
Infotur ishtirokchilari dastlab Mingtepa arxeologiya yodgorligida bo‘lib, qadimiy Dovon davlati xarobalarini ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar “Mingtepa” muzeyida bo‘lib, bir necha ming yillik tarixga ega yodgorliklar, osori-atiqalar, shuningdek, tumandagi eng gavjum turistik maskanlardan biri – Boboxuroson mahallasida joylashgan dorboz Yunusali G‘oziyev xonadonida turist va sayyohlarning ko‘ngilli xordiq chiqarishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘ziga xos tabiat manzarasi bilan yaqindan tanishdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari