Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiyot tizimi xodimlarining ish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohaga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor tufayli turli xastaliklarni erta aniqlash, oldini olish va samarali davolash borasidagi ishlar ko‘lami va sifati yildan-yilga yuksalmoqda.
Ayniqsa, sog‘liqni saqlash sohasining asosiy bo‘g‘ini – birlamchi tizim muassasalari, xodimlarining ish sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.
[gallery-13563]
– Ayni kunda tuman markaziy shifoxonasi, uning bo‘limlari hamda 6 ta oilaviy poliklinika, 7 ta oilaviy shifokorlik punkti tomonidan tumandagi 180 ming nafardan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, – deydi Marhamat tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Mansurbek Rejabaliyev. – Ayniqsa, birinchi bo‘g‘in muassasalari ish faoliyatini yaxshilash, aholini ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan roziligini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Patronaj hamshiralariga kiyim-bosh va sumkalar berilishi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.
Hamshiralar zarur vosita va jihozlarga ega yangi ish sumkalari bilan ta’minlanganligi ularning ish samaradorligini, ya’ni xastaliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish ko‘nikmalarini ommalashtirish, fuqarolarning tibbiy savodxonligi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishga yordam beradi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari