Ro‘zai ramazonning fazilatlaridan biri oila, do‘stlar, yaqinlar, qo‘shnilar davrasida, hamjihatlikda og‘iz ochish – iftorlikdir. Bu dasturxonga oddiy taomlar, oila pishiriqlari, mevalar qo‘yiladi odatda. So‘nggi yillarda esa, masalan, Marg‘ilonda iftorlik bozori shakllandi. Dastlab pix va novvot sharbatidan ko‘pirtirilgan nisholda sotilar edi. Keyin yoniga turfa xil nonlar qo‘shildi. Pishiriq, yaxna go‘sht, mevalar bozorni to‘ldirdi. Bugun esa Marg‘ilon iftor bozorida yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bu yog‘i Xo‘jand, bu yog‘i Novqatu O‘shgacha ro‘zadorlar kelishadi bu yerga.
Nisholdaning o‘zi ikki xil. Biri Marg‘ilon, biri Qo‘qon usulida tayyorlangan. Lekin ikkisi ham Ramazon oyi shirinligi, og‘izda eriydi. Bunisi Shohimardon tog‘laridan terilgan xandon pistadan tayyorlangan shirinlik. Uning kichik bir bo‘lagi qonni suyultirib, bosimni tushiradi, deyishadi.

Parhez, go‘shtli, ko‘k, qovoqli, sixli, kosa va parmuda somsalarni aytmaysizmi. Uch burchakli varaqi somsalar esa saryog‘da qilinadi. Ularni shundoqqina ko‘chma tandirdan uzib berishadi.
Yaxna go‘sht, hasip, qorajigar hasip, tuyoqlar, yaxna qorin... e he, ularning turi ham, mazasi ham bir-biriga o‘xshamas.

Mevalar bozori ham rang-barang. Bu yerda aynan shu bugun tokdan uzilgan uzumlarni ko‘rasiz. Ular oltinrang tovlanadi. Donasi sharbatga to‘la, tanasi tarang, qarsillab turadi. Xurmoningku turini sanab tugatolmaysiz.
Sabzavot- salatlar rastasida eng sara baqlajon, bulg‘ori, pomidor, mushak sabzi, barra ko‘klardan tayyorlangan xushtam yeguliklar.

Go‘shtli, xalqanon, kalpatir, yog‘li-yog‘siz obi non, shirmonu xilma xil qatlamalar...
Xullas, Ramazon dasturxoni uchun nimaniki ko‘ngil istasa, hammasi Marg‘ilon iftorlik bozorida muhayyo.
Narxlarichi, dersiz. Ba’zilari bepul tarqatiladi, ba’zilari tannarxda, ya’ni bozordan ancha arzon. Aslida ularning maqsadi iftorlik dasturxoni ustidagi ijobat duosidan bahramand bo‘lishdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/X7SZZb52CRI" title="Marg‘ilonning iftorlik bozori" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA