Marg‘ilonda joriy yilning 20-22 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan “Atlas bayrami” V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivalida mazkur shaharga “Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri” maqomi beriladi. Bu milliy hunarmandchiligimizga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasidir. Ayni kunlarda festival doirasidagi tadbirlar boshlangan bo‘lib, unda mahorat darslari tashkil etilmoqda.
Qo‘shtepa tumanidagi Hunarmandlar markazi yurtimizning turli hududlaridan va qo‘shni Qirg‘izistondan kelgan mehmonlar bilan gavjum. Markazda o‘tkazilayotgan an’anaviy hunarmandchilik, etno-dizayn va tadbirkorlik bo‘yicha nazariy hamda amaliy o‘quv mashg‘ulotlar barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ma’lumki, hunarmandchilik oila daromadini oshirish, bandlikni ta’minlashda muhim omildir. bugungi kunda mohir hunarmandlar orasida tadbirkorlik rivojlanib bormoqda. Biznes trenerlar Damira To‘xtasinova, Lola Abduhalimova tomonidan tadbirkorlikka qiziqqan qatnashchilar uchun “Biz o‘z biznesimizni boshlaymiz” mavzusida mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Unda oltmish nafardan ortiq hunarmandlarga maqsadni belgilash, tadbirkorlikni rivojlantirish strategiyasi, mahsulotni sotish yo‘llari, moliyaviy savodxonlik, biznes uchun boshlang‘ich kapital to‘g‘risida nazariy bilimlar berildi.

Shuningdek, ular dizayn, an’anaviy kashtachilik, jiyak to‘qish va tabiiy ranglardan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ham qatnashdi.
– Har bir mashg‘ulotda o‘zimizga zarur bo‘lgan bilim va malakani olyapmiz, – deydi P.Benkov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi o‘quvchisi Laziza Zayniddinova. – Ayniqsa, an’anaviy kashtachilik bo‘yicha mohir usta Madina Qosimboyevaning darslari menga bir olam zavq berdi. O‘zim shu yo‘nalishda tahsil olayotganim uchun mazkur sohadagi yangiliklar, milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirish uslublari kabi jihatlarni faoliyatimda qo‘llashga harakat qilaman. “Atlas bayrami” festivali milliy hunarmandchilikni rivojlantirish va targ‘ib qilish, soha vakillari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonaman.

Festival oldidan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida “XIX-XX asr boshlarida an’anaviy o‘zbek liboslari”, “Mustaqillik yillarida an’anaviy hunarmandchilikni tiklash va saqlashdagi muammolar”, “O‘zbekistonda zamonaviy moda olami va an’anaviy hunarmandchilik san’ati” kabi mavzularda ham san’atshunoslik fanlari doktori, akademik Akbar Hakimov hamda Kamoliddin Behzod nomidagi san’at va dizayn milliy instituti dotsenti Binafsha Nodirning mahorat darslari qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi.
M.Sulaymonov,
O‘zA